Kun qahramoni
1990 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan Akram Buxoro tibbiyot kollejini tamomlab, bir muddat shahar Ruhiy asab kasalliklar dispanserida feldsherlik qilgan. 2012 yilda Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan harbiy qismda kontrakt asosidagi xizmat faoliyatini – moʻljalga oluvchi operator vazifasida boshlagan.
Harbiy sohada maxsus bilim va tajribaga ega boʻlish maqsadida Akram Bahronov tahsil olishga ahd qildi. Fikrini ustozu komandirlariga bildirgach, ular qoʻllab-quvvatlashdi. Hujjatlarini Qarshi shahridagi Janubiy-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugi Serjantlar tayyorlash maktabiga topshirdi. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻqishga qabul qilindi. Toʻqqiz oy tahsil olib, kichik serjant unvonini oldi.
2017 yildan IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7532-harbiy qismning 4-bataloni jangovar guruhida katta oʻqchi lavozimida kontrakt asosidagi xizmat faoliyatini davom ettirdi. Xizmati davomida bu sharafli va masʼuliyatli kasbga boʻlgan mehri yanada ortdi, harbiylik sir-asrorlarini mukammal oʻzlashtirdi. Oʻziga topshirilgan jangovar xizmat topshiriqlarini sidqidildan bajardi. Shaxsiy tarkib oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozondi. Ayni paytda uchinchi darajali serjant A. Bahronov 7536-harbiy qismda 2-batalon komandirining moddiy taʼminot boʻyicha yordamchisi. Bunday darajaga erishuvida ustozlari – birinchi darajali serjant Faxriddin Choriyev hamda serjant Zohid Ergashevlarning yordamini hech qachon unutmaydi.
Akram Bahronov jamoaning eng tashabbuskor xodimi. U askarlarning kundalik faoliyatini nazorat qilib boradi. Ularning kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan oʻz vaqtida taʼminlab, shart-sharoitlar yaratib berishda bevosita rahbarlik qiladi. Shuningdek, koʻplab shogirdlar ham yetishtirdi. Uning izdoshlari orasida kichik serjantlar Quvonch Bekmurodov hamda Kamol Roʻziyevlar bor. Ularda aynan qahramonimizning shijoatini, gʻayratini kuzatish mumkin.
Harbiy jamoada A. Bahronovni koʻpchilik hurmat qiladi va undan oʻrnak olishga harakat qilishadi. Qolaversa, komandirlarining nazariga tushgan. Qisqasi, fidoyilarcha qilingan xizmati eʼtiborsiz qolmadi. Yaqinda Vatan himoyachilari kuni arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
