Uychilik Tohir Salayev (ism-familiya oʻzgartirildi) meva savdosi bilan shugʻullanib, oilasini bir chiroyli taʼminlab kelayotgandi. Lekin, nafs atalmish shayton qutqusiga uchdimi, bundan kelayotgan daromad koʻziga oz koʻrinib, qingʻir yoʻllarni koʻzlay boshladi. Aslida muqaddam ikki bor sudlanib jazo oʻtagan shaxs “Sutda ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi”, degan hikmatga amal qilishi lozim edi. Qolaversa, xalqimiz “Baraka – halol savdoda”, deb bejiz aytmagan.
U tergov jarayonida aniqlashning imkoni boʻlmagan shaxs bilan tamaki mahsulotlarini sotib olish maqsadida jinoiy til biriktiradi. Birinchi marta 500 quti hech qanday hujjati va aksiz markasi boʻlmagan “Milano” nomli tamaki mahsulotlarini sotib olib, Toshkent shahar “Qoʻyliq” dehqon bozorida nomaʼlum shaxslarga sotib yubordi. Qarasa yaxshigina foyda qolar ekan.
Oradan bir oycha oʻtib, bu safar oz emas-koʻp emas, 15 000 quti sigaretni oʻzining “Mersedes Benz” rusumli avtomashinasiga yuklab poytaxtga joʻnadi. “Koʻza kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, uning ulovi Pop tumanidagi “Namangan” YPX maskanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan toʻxtatilib, tekshirildi. Ammo Tohir aksiz markasi boʻlmagan 15 000 quti “Milano” nomli tamaki mahsulotlariga hech qanday hujjat taqdim eta olmadi. Noqonuniy mahsulotlar tekshirib koʻrish uchun ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, jami 92 625 000 soʻmga baholangan tamaki mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan. Nomaʼlum shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlib, koʻp miqdordagi tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritgan T. Salaev Jinoyat kodeksining tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, qilmishiga yarasha jazoga tortildi.
Alovidin IMOMOV,
podpolkovnik.
Namangan viloyati.
