Bugun Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Migratsiya va personallashtirish boshqarmasi boʻlim katta inspektori, serjant Asqarjon Karimov hamda bosh boshqarmaninig Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati Huquqiy statistika markazi inspektori, katta serjant Maftuna Erkaboyevaning mehr-oqibat, ahil-inoqlik va oʻzaro hurmat ustuvor boʻlgan oila qoʻrgʻoniga havas qilsa arziydi.
– Oʻgʻlim Asqarjon huquqshunoslik yoʻnalishida oʻqishni tamomlagach, ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagi borligini aytdi, – deydi isteʼfodagi podpolkovnik Shavkatjon Obidov. – Men sohaning oʻziga yarasha murakkab va masʼuliyatli tomonlari borligini, bu kasb kishidan alohida sabr va qatʼiy iroda talab qilishini tushuntirdim. Bu soʻzlarim uning qarorini yanada mustahkamladi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, xizmat boshlaganida quvonchim ichimga sigʻmadi.
Shunday kunlarning birida onasi Surayyoxon kelin tushirish haqida soʻz ochib qoldi. Asqarjon biroz istihola bilan tizimda ishlaydigan bir qizni koʻz ostiga olib yurganini aytdi. Chin taqdir ekan, Maftunaxonni Oʻrta Chirchiqdan Boʻkaga kelin qilib olib keldik. Bugun farzandlarimizning nafaqat oilada, balki xizmatda ham bir-birini tushunib, yelkadosh boʻlib ishlayotganini koʻrib quvonamiz. Onasi ikkimiz doim ularni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilamiz.
Ha, bogʻbon niholni toʻgʻri parvarishlasa, uning kurtak ochgan novdalari keng quloch yozib, katta daraxtga aylanadi. Lavhamiz qahramonlari ham ota-onalari duosi va qoʻllab-quvvatlashi bilan hayot hamda xizmat yoʻllarida qoʻshqanot boʻlib odimlashmoqda. Bunda Asqarjonning ogʻir-bosiqligi va mulohazakorligi, Maftunaxonning samimiyatga yoʻgʻrilgan mehri va oqilaligi bir-birini toʻldiradi.
– Xizmat bilan oilani, ayniqsa, farzand tarbiyasini birdek olib borish oson emas, – deydi katta serjant Maftuna Erkaboyeva. – Bu borada menga qaynonam doim suyanch boʻlib keladilar. Katta qizimiz Muborakxon toʻrt yoshda, kichigi Mehribon esa endigina ikkiga kirdi. Buvijonisini injiqligi-yu erkaliklarini koʻtarib, men ishda boʻlgan vaqtimda ularga gʻamxoʻrlik qiladilar. Ishdan kechroq qaytgan paytlarimda farzandlarimning qorni toʻq, ust-boshi toza, oshxonada esa issiqqina ovqat tayyor turganini koʻrib, qaynonamning bagʻrikengligiga tan beraman.
Masʼuliyatli va sharafli kasb egalari boʻlgan Asqarjon va Maftunaning xonadoni oilaviy baxt va kasbiy fidoyilik uygʻunlashgan haqiqiy ibrat qoʻrgʻonidir. Zero, yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilayotgan xodimning oilasi tinch va ahil boʻlsa, uning faoliyatida samara, hayotida baraka boʻladi. Mana shunday fayzli xonadonda kamol topayotgan farzandlar ham kelajakda el koriga yaraydigan insonlar boʻlib voyaga yetishi shubhasiz.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent viloyati.
