– Turmush oʻrtogʻim bilan bir mahallada ulgʻayganmiz, bir maktabda tahsil olganmiz, – deydi Mushtariybegim. – Keyin Namangan davlat universiteti qoshidagi akademik litseyni ham birin-ketin bitirdik. IIV Akademiyasiga oʻqishga kirganimda, Isomiddin aka 3-kursda oʻqirdi. Ochigʻi, uydan olisda boʻlganingda, mahalladoshing, maktabdoshing koʻzingga boshqacha koʻrinib ketarkan. Oldinlari uncha gaplashmagan boʻlsak-da, oʻqish payti hol-ahvol soʻrab, xabardor boʻlib turardilar. Qalbimdagi mehr qachon muhabbatga aylanganini sezmay ham qoldim, – deydi u. – Mana hozir baxtli oilalar safidamiz. Yaqindan koʻmak berayotganlari uchun ham qiyinchiliklar uncha bilinmaydi.
Yosh boʻlsa-da, soha yoʻnalishidagi bilimlarni puxta egallagan Mushtariybegim joriy yil boshidan buyon 13 ta jinoyat ishini tergov qilib, koʻrib chiqish uchun sud muhokamasiga yubordi. Tergov qilingan materiallar mohiyatini firibgarlik, oʻgʻirlik, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda saqlash, yoʻllarda harakat xavfsizligini buzish, kiber yoʻnalishi boʻyicha plastik kartadan yashirin ravishda pul oʻmarish kabi jinoyatlar tashkil etadi.
Isomiddin Rahimov xizmat olib borayotgan Uychi tumanidagi «Umid» mahallasi ham «yashil» toifada. Bu koʻrsatkichga erishishning boisi, birinchi galda, uning mahallada osoyishtalikni saqlash, targʻibot ishlarini olib borishdagi jonkuyarligidan, deyish mumkin.
Yosh oilani qoʻllab-quvvatlash va jajji Muhammadaminning tarbiyasi bilan Isomiddinning onasi Hilola opa shugʻullanadi.
– Oila baxt-saodati uchun koʻp narsa kerak emas, oilaning har bir aʼzosi bir-birini oʻzaro tushunsa va qoʻllab-quvvatlasa, hammasi yaxshi boʻladi. Kelinim epchil, orasta, hurmatimni joyiga qoʻyadi. Ham ishni, ham oilani eplash oson emas, barchasini uddalashga harakat qilyapti, – deydi onaxon biz bilan suhbatda. – Farzandlarimiz baxtli yashashi uchun qoʻlimdan kelgan yaxshilikni qilishga tayyorman.
Ha, bugun ichki ishlar organlari safida Isomiddin va Mushtariybegim kabi baxtli juftliklar safi koʻpayib bormoqda. Ularning jamiyat rivoji, tinchlik-osoyishtaligi yoʻlida olib borayotgan xizmatlari, ahillik va hamjihatlik bilan ham oilada, ham xizmatda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlayotgani tahsinga loyiq.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
