Jinoyatga jazo muqarrar. Lekin bundan koʻzlangan maqsad jinoyatchidan oʻch olish emas, uni tarbiyalashdir. Shafqatsizlik esa hech qachon tarbiya vositasi boʻlmagan. Shu bois bagʻrikenglik, kechirimlilik xalqimizning oʻziga xos xislatlaridan. Bu borada, ayniqsa, xotin-qizlarga alohida ehtirom koʻrsatiladi.

Kishi bilib-bilmay, bexosdan yoki oqibatini tushunmay, huquqiy bilimsizlik oqibatida jinoyat sodir qilib qoʻyishi mumkin. Uning harakatiga, albatta, qonuniy baho berilib, tegishli jazo tayinlanadi. Biroq uning ota-onasi, oilasi, farzandlari, qarindoshlari chekkan aziyatni hech narsa bilan baholab boʻlmaydi.

Insonparvarlik tamoyiliga asoslangan qonunchiligimizda bu masala hisobga olinib, qilgan qilmishlaridan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, jazo muddatini oʻtashi davrida oʻrnatilgan tartib-qoidalarini buzmagan, IIB organlari tomonidan ijobiy tavsifnoma berilgan mahkumlarni muddatidan oldin jazodan ozod qilish amaliyoti joriy qilingan.

Xotin-qizlar bayrami oldidan bu amaliyot viloyat sudlari tomonidan 11 nafar ayol kishiga nisbatan qoʻllanilib, muddatidan oldin jazodan ozod qilindi.

Jumladan, Past Dargʻom tumanidagi 37-sonli manzil koloniyasida 10 nafar mahkum va mahkumalarning ishlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida koʻrildi.

Aniqlanishicha, ozodlikdan mahrum qilingan Sarvinoz Hasanova ushbu manzil koloniyada yana 1 yilu 11 oy 25 kun jazo oʻtashi kerak edi. U jazodan shartli ravishda ozod qilinib, uyiga kuzatib qoʻyildi.

Mahkuma Sojida Qoʻziyeva esa 7 oy 2 kun ozodlikdan mahrum boʻlishi kerak edi. Uning jazosi yengilrogʻi bilan, yaʼni axloq tuzatish ishlari bilan almashtirildi.

Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha Ishtixon tuman sudining navbatdagi sayyor sud majlisi «Oʻzbekiston» mahalla fuqarolar yigʻini binosida tashkil etildi. Sud majlisida besh nafar shaxs, ulardan ikki nafari ayol kishi, muddatidan ilgari jazodan shartli ravishda ozod qilindi.

Jumladan, Nigora Tirkashevaga sodir qilgan qilmishi uchun axloq tuzatish jazosi tayinlangan edi. Jazoning oʻtalmay qolgan qismi 1 yil 2 oy 27 kun edi. Uning qilmishidan pushaymonligi, qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtganligi inobatga olinib, insonparvarlik tamoyili asosida jazoning oʻtalmay qolgan qismidan ozod qilindi.

Ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan Nuriya Oʻrozova ham oʻtalmagan 8 oy 24 kunlik jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Endi ular yangidan sogʻlom turmush tarzi boshlash niyatini bildirishdi.

Bunday xayrli tadbirlar davom ettirilmoqda.

Tolib Boyzoqov,

Samarqand viloyati sudi raisining oʻrinbosari.