Sirdaryo viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari – Tergov boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Shahboz Neʼmatjonov va uning turmush oʻrtogʻi, viloyat IIB Huquqiy statistika va tezkor hisob-maʼlumotlar markazi yetakchi mutaxassisi, podpolkovnik Gulnoza Neʼmatjonova bilan gurungimiz oʻz-oʻzidan qovushib ketdi. Ularning, ayniqsa, «agar farzandlarimiz ham shu kasbni tanlashsa xursand boʻlamiz» degan soʻzlari qalbda oʻziga xos toʻlqin hosil qildi. Bu oʻn besh yil davomida jinoyatchilikka qarshi ne-ne tunlarni izlanishda oʻtkazgan, yaxshi-yomon kunlarda bir-biriga yelkadosh boʻlgan qoʻshqanotlarning oʻz kasbini nechogʻlik sevishidan dalolat edi.
... Shahbozga IIV Akademiyasiga oʻqishga kirish deyarli qiyinchilik tugʻdirmadi. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, yelkasiga kursantlik pogoni taqilgach, u inson astoydil harakat qilsa, orzusiga albatta yetishishiga amin boʻldi. Bu ishonch ushbu dargohda muvaffaqiyatli taʼlim olishiga ham ijobiy taʼsir qildi.
Akademiyadagi tahsil jarayoni qizgʻin oʻtar, taniqli huquqshunos olimlar, shu kasbga umrini bagʻishlagan yetuk rahbar xodimlarning maʼruzalarini tinglash juda qiziq edi. Baʼzan dars jarayoni qizgʻin bahslarga ulanib ketardi. Ana shunday kunlarning birida Shahbozning eʼtiborini koʻzlari yonib turgan xushruygina bir qiz tortdi. Uning oʻrinli fikrlari, bahsda oʻzini bosiq tutishi eʼtiborga molik edi.
Xullas, ularning tanishuvi shu tarzda boshlandi. Qarangki, bu tanishuv umr yoʻllarini ham tutashtirdi. Akademiyani tugatgach, ikki yosh oila qurdi. Shahboz Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani IIB Tergov boʻlimida tergovchi, Gulnoza esa Toshkent shahar IIBBda xuddi shu lavozimda xizmatni boshladi. Ular Toshkent viloyatida istiqomat qilishar, har ikkalasi ham ishdan kech qaytardi. Lekin bu holat ularning oʻzaro ahil-inoq yashashiga zarracha taʼsir qilmasdi. Aksincha, xizmatdagi dastlabki qiyinchiliklarni yengishda ular bir-biriga doim koʻmak berishar, bunday yelkadoshlik koʻpchilikning havasini keltirardi.
– Men har tomonlama baxtli oila vakilasiman, – deydi Gulnoza Neʼmatjonova. – Orzumdagi kasbga va oilaga erishdim. Bunday mushtaraklik xizmatda va oilaviy hayotda juda qoʻl kelmoqda. Nimagaki erishgan boʻlsam, bunda turmush oʻrtogʻimning oʻrni katta.
Shahboz Neʼmatjonovning otasi Neʼmatjon Habibullayev oʻttiz yildirki advokatlik faoliyati bilan shugʻullanadi. Huquqshunoslikka qiziqish oʻgʻliga otasiga havasdan boshlangan.
– Har bir ota uchun farzand kamoli – ulugʻ baxt, – deydi Neʼmatjon Habibullayev. – Farzandim Shahbozjon bolaligidan ichki ishlar organi xodimi boʻlishni orzu qilardi. Intildi va orzusiga yetdi. Oʻgʻlim va kelinim Gulnozaxonning erishayotgan yutuqlaridan doim quvonaman. Ular el xizmatida boʻlishni oʻzlarining burchi deb bilishadi.
Shahboz va Gulnozaxon – baxtli oila sohiblari. Ularning uch nafar oʻgʻil farzandi bor. Birgalikda Sherdiyor, Imronbek, Kamronbeklarni tarbiyalayotgan bu insonlarga hamma havas bilan qaraydi. Ular agar qayta umr berilsa, yana shu kasbni, yana bir-birini tanlashlarini aytishganida, oʻz kasbiga va oilasiga sadoqatning yuksak namunasiga guvoh boʻldik. Bu oʻrnak olsa arziydigan yuksak fazilatdir.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.
