Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishiga koʻra, joriy yilning 4 noyabridan 10 noyabriga qadar ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari hamda xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlari uchun bir haftalik maxsus oʻquv kurslari tashkil etish belgilangan.
Ushbu farmoyish ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻonada ham oʻquv kurslari boshlandi. Oʻquv yigʻini boshlanishi munosabati bilan viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati rahbari, podpolkovnik Farrux Oʻsarov oʻquv kurslarini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad xodimlarning kasbiy mahorati va bilim saviyasini yanada oshirish ekanligini taʼkidlab, mashgʻulot innovatsion texnologiyalar va interfaol usullar yordamida olib borilishi, bunda amaliyotda uchrayotgan muammolarning yechimlariga alohida eʼtibor berilishini maʼlum qildi.
Oʻquv yigʻini yakunida ishtirokchilar sinovdan oʻtkazilib, ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
