Bir oilaning muammosi hal boʻlganidan koʻngli yorishdi. Ertaga mahalla fuqarolar yigʻinida oʻtadigan yigʻilishda shu masalani koʻtaradi. Chunki soʻnggi paytlarda koʻp qavatli uylar yoʻlagida qarovsiz qoldirilgan velosiped, bolalar aravachalari va skuter oʻgʻriligi koʻpayib boryapti. Oldi olinmasa, bunday jinoyatlar va jabrlanuvchilarning soni ortishi turgan gap. 

Poytaxtimizning Chilonzor tumani IIOFMB 2-sonli Ichki ishlar boʻlimi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Ziyo­dulla Meyliyev «Katta Chilonzor-1» mahallasi hududida xizmat olib boradi. Mahalla aholisi 6250 nafar, 60 ta koʻp qavatli uy mavjud. 

Podpolkovnik Z.Meyliyev joriy yil boshidan bugungi kunga qadar mahallada istiqomat qiluvchi 12 nafar oilaviy janjalkash, 

8 nafar ichkilikbozlikka ruju qoʻygan shaxs bilan profilaktik tadbirlarni amalga oshirdi. Shu­ningdek, u 15 nafar muqaddam sudlangan, 3 nafar probatsiya xizmati nazoratidagi, 12 nafar ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan shaxs bilan tez-tez muloqot oʻtkazadi.

Taʼkidlash kerakki, jonkuyar podpolkovnikni mahalla ahli hurmat qiladi, qoʻllab-quvvatlaydi. Ayniqsa, fuqarolar yigʻini raisi Fazliddin Niyozmatov bilan hamkorlik oʻz samarasini bermasdan qolmayapti. Mahallada joriy yil­ning oʻtgan davrida birorta jinoyat qayd etilmagani buning isbotidir. 

Oʻrni kelganda qayd etish joiz, Qashqadaryo viloyatida tugʻilib oʻsgan Ziyodulla Meyliyev otasi – isteʼfodagi podpolkovnik marhum Mahammadi Meyliyevga havas qilib, mazkur sohada ishlamoqqa ahd qilgan. Ichki ishlar organlarida 2004-yildan buyon xizmat qilib keladi. 

Koʻp yillik xizmat tajribasiga ega podpolkovnik Ziyodulla Meyliyevdan «Har bir profilaktika inspektoriga muvaffaqiyat kelti­ruvchi «universal» usul bormi?» deb soʻraganimizda, u quyidagicha javob berdi:

– Profilaktika inspektori bir joyda oʻtirsa, ish bitmaydi. Odamlar orasida boʻlsangiz, ularning ishonchini qozonsangiz, aholi­ning oʻzi sizga maslahati, amaliy harakati bilan yordam beradi. 

Lavhamiz qahramoni xiz­matda jasur va tajribali xodim, uyda esa vafodor yor, mehribon ota. U turmush oʻrtogʻi Feruzaxon bilan ikki nafar oʻgʻil va bir qizni tar­biyalab, voyaga yetkazmoqda. Oila aʼzolari uni ishdan qaytishini intiq boʻlib kutishadi. 

Darhaqiqat, bir inson uchun odamlarga nafi tegadigan kasbda ishlash, jamoada hurmat qozo­nish, farzandlariga gʻamxoʻrlik qilishdan-da ortiq baxt bormikan?!

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.