Kapitan Elbek Rizqulov 1992-yili Boyovut tumanida tavallud topgan. Uning jismonan va aqlan yetukligiga koʻpchilik havas qilardi. Joʻralarning oʻzaro gurungi va davralarida alohida oʻrni bor edi. Oʻzaro tortishuvlarga tez va oqilona nuqta qoʻya olar, uning xulosasidan hech kimning dilida gina qolmasdi.
Elbekning bu tabiati Guliston davlat universitetida oʻqib yurgan kezlarida ham oʻzgarmadi.
U hech qachon oʻzini oʻylamas, doim koʻpchilikning manfaatini hisobga olardi. Ushbu xislat mustahkamlanib, fazilatga, hayotiy tamoyilga aylandi.
E.Rizqulov 2016-yilda Sirdaryo tumani Baxt shahridagi Tinchlik mahallasiga profilaktika inspektori vazifasiga xizmatga qabul qilindi. Dastlabki kunlarda biroz qiynaldi. Notanish odamlar, notanish muhit. Lekin olti oy oʻtmay, hammasi oʻz iziga tushdi. Mahallani qarichlab kezib chiqqani, har bir uy, xonadon bilan tanishgani qoʻl keldi. Uyqusiz kechalar, jinoyatga moyil shaxslarning ortidan yurishlar oʻz samarasini bermay qolmadi. Keyingi yilga oʻtib, mahallada bezorilarning dasti kesildi. Quvonarlisi, mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Turmush oʻrtogʻi Roʻzigul Rizqulova Gulistondagi pedagogika kollejini tugatgach, shu yerning oʻzidagi oliygohning fizika-matematika fakulʼtetiga oʻqishga kirdi.
Roʻzigulga oilaviy hayotdagi mashaqqatlarni yengishda turmush oʻrtogʻiga koʻmaklashdi. Bir qancha vaqt oʻtgach, Baxt shaharchasiga koʻchib oʻtishdi. Shu yerdagi umumtaʼlim maktabiga ishga joylashdi.
Kutilmaganda Sirdaryo tumani Ichki ishlar boʻlimidan tushgan taklif hayotini oʻzgartirib yubordi. 2021 yilda Roʻzigul Rizqulova tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori vazifasiga qabul qilindi. Dastlab oʻgʻlining tarbiyasiga, uy-roʻzgʻor ishlariga ulgurarmikanman, deb qoʻrqdi. Lekin hammasiga ulgura boshladi. Hayoti qizgʻin kechar, kuni bilan notinch oilalar, maktabdagi qizlar klublari bilan shugʻullanar, shom payti farzandini bogʻchadan olardi.
Roʻzigul Rizqulova oilaviy ajrimlar muhokamasi uchun sudga borganida oʻzini juda oʻngʻaysiz his qiladi. Oilaga boʻlgan masʼuliyatsizlik uni qiynaydi. Oʻzaro hurmat, ehtirom asosiga qurilmagan oilalarning darz ketishi, farzandlarning sarson boʻlishiga murosasiz munosabatda boʻladi. Baʼzan hayqirib, ey odamlar koʻzingizni oching, adashmang, farzandlaringiz ota yoki ona mehrisiz ulgʻayishiga yoʻl qoʻymang, deya xitob qilgisi keladi. Shunday qildi ham. Har chorshanba oʻtkaziladigan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash kuni tadbirlarida bu masalani koʻtarishdan aslo charchamadi. Natijada tumanda oilaviy ajrimlar, notinch oilalar soni keskin kamaydi. Bunday yutuqlar nafaqat Roʻzigulni, balki turmush oʻrtogʻini ham quvontiradi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
«Postda» muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
