Kun qahramoni
Leytenant Muzaffar Muzaffarov 1998 yilning 1 oktyabrida Shofirkon tumani “Guliston” mahallasida tavallud topgan. Buxoro davlat universitetini tamomlagach, 2023 yili Vobkent tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. U xizmat oʻtayotgan “Teraklik” mahalla fuqarolar yigʻini “yashil” toifada, aholisi asosan dehqonchilik bilan shugʻullanadi.
Joriy yilning 3 aprel kuni xizmat hududini aylanib yurgan Muzaffar ayol kishining baqir-chaqirini eshitib, zudlik bilan tovush kelgan tomon yuguradi. Borsa, yigirmaga yaqin fuqaro toʻplangan, ayol esa 4–5 yashar bolani qoʻlidan qoʻymay “yordam beringlar”dan nariga oʻtmayotgandi.
– Nabiramning isitmasi koʻtarilgani bois poliklinikaga olib kelgandim. Shifokorlar muolaja qilishib, isitmasini tushirishdi. Xursand boʻlganim uchun nabiram bilan kabobxoʻrlik qilmoqchi edim. Hali oshxonaga kirmasdan, nabiramning yana tobi qochib qoldi, – deydi O. Boltayeva yigʻlab.
Profilaktika inspektori bolaning tili orqaga ketganini bilgach, chaqqonlik bilan harakat qilib, barmoqlari bilan tilini oldinga tortadi. Soʻng oilaviy shifokor poliklinikasiga olib boradi. Tezda tibbiy yordam koʻrsatilgani bois bolaning hayoti saqlab qolindi. Rozmozlik O. Boltayeva esa leytenant M. Muzaffarovga minnatdorlik bildirdi.
Mirzoqul AHADOV,
