Zarafshon shahrining «Oltin vodiy» mahallasida istiqomat qiluvchi Oliya (ismlar oʻzgartirildi) Vohid bilan tanishib, keyinchalik yaxshi niyatlar bilan turmush qurishdi. Ammo farzandli boʻlganidan keyin, oilaviy kelishmovchiliklar yuzaga chiqa boshladi. Oliya boriga qanoat qilmay, hadeb turmush oʻrtogʻining kam topishidan noliyverardi. Shu alfozda yillar oʻtib, qizi Nodira 6 yoshga toʻldi. Oʻzaro janjallar oqibatida oxiri er-xotin ajrimgacha borishdi. Oʻrtada bola sarson. Hali Oliya qizini ota uyiga olib ketadi, hali Nodirani otasi yashirincha qaytarib olib keladi.
Ushbu holatni oʻrgangan Zarafshon shahar IIB JXX HPB Voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, kapitan Sitora Boboqulova er-xotinni murosaga keltirishga koʻp urindi. Ammo foydasi boʻlmadi. Shundan soʻng qizchaga himoya orderi berishni taklif qildi. Oilaviy nizo sudgacha yetib bordi. Ajrim boʻlgach, qizcha otasi qaramogʻiga qaytarildi, onasi esa koʻp oʻtmay xorijga ishlash uchun ketdi.
Shu oʻrinda ota-onaning farzand tarbiyasiga loqaydligi qanday oqibatlarga sabab boʻlishiga yana bir misol keltirsak. Er-xotin oʻgʻillarini endi aqlini tanib oldi, katta boʻlib qoldi, bu yogʻiga oʻzini eplaydi deb oʻylashdimi, uni oʻz holiga tashlab, chet elga ishlagani ketishdi. Maktabning bitiruvchi sinfida oʻqiydigan Jasur uyida yolgʻiz qoldi. Natijada bir necha bebosh oʻrtoqlariga qoʻshilib zararli odatlarni oʻrgana boshladi. Tungi reydlarning birida uning koʻcha-koʻyda nazoratsiz yurgani aniqlandi. Oʻsmirning turmush sharoiti haqidagi maʼlumotlar oshkor boʻlgach, kapitan Sitora Boboqulova darhol uning ota-onasi bilan bogʻlanib, vaziyatni tushuntirib, ularning farzand oldidagi masʼuliyati va javobgarligini tushuntirdi. To ota-onasi qaytgunga qadar Jasurni viloyat IIB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirdi. Bir oydan soʻng oʻsmirning onasi qaytdi. Sitora suhbat davomida oʻgʻli jinoyat koʻchasiga kirmasidan uning tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanishi lozimligini ayolga tushuntirdi.
Kapitan Sitora Boboqulova yosh, intiluvchan xodimalardan biri. Avval, Xatirchi tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori 2022-yildan buyon esa Zarafshon shahrining voyaga yetmagan yoshlari bilan tizimli ishlar olib boryapti.
Lavhamiz qahramoni shahar hududida jinoyat sodir etishga moyil
70 nafar yoshning har biri bilan yakka tartibda suhbatlashib tushuntirish ishlari olib boryapti. Mahalla va maktablar maʼmuriyati bilan hamkorlikda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sport musobaqalari, kitobxonlik tadbirlari uyushtirib, ularni toʻgaraklarga jalb etadi.
