IIV Namangan akademik litseyida viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi. Unda markaz xodimlari uchun jinoyatlarni fosh etishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan jihatlar, yaʼni kriminalistika metodlaridan foydalanish, voqea joyini koʻzdan kechirish hamda ashyoviy dalillarni olib qoʻyish va qayd etish tartibi kabi mavzular yuzasidan amaliy va nazariy mashgʻulotlar olib borildi.
Bu borada raqamli texnologiyalar va ilmiy-texnik vositalardan samarali foydalanish hamda ekspert-tadqiqot ishlarini olib borishda eng ilgʻor tajribalarga tayangan holda ish yuritish zarurligi tushuntirildi.
Bu kabi oʻquv-seminarlar ekspert-kriminalistika yoʻnalishlari boʻyicha yangi bilimlarga ega boʻlish imkonini beradi, bu esa xodimlarning kasbiy mahoratlarini yanada ortishiga xizmat qiladi.
Gulchehra Buvamirzayeva,
oʻz muxbirimiz,
Namangan viloyati.
