Jizzax shahridagi 29-sonli mehribonlik uyining 40 nafarga yaqin tarbiyalanuvchisi ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishtirildi. Ular Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarixi muzeyida boʻlishdi. Bolalarga 2 mingdan ortiq eksponatga ega muzeydagi buyumlar, hujjat va fotosuratlar hamda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilgan faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, barkamol avlod boʻlib ulgʻayishi uchun yaratilayotgan sharoitlar toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Shundan soʻng bolalarga badiiy adabiyotlar va oʻquv qurollaridan iborat sovgʻalar topshirildi.
Shu kuni tarbiyalanuvchilar uchun viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi hamda tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi ixtiyoridagi texnika va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbir doirasida tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlarining jangovar chiqishi namoyish qilindi. Bolalarning ichki ishlar organlari faoliyatiga oid tasavvurlari yanada boyidi, desak adashmaymiz.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.