Yaqinda Navoiy viloyati IIBda tashkil etilgan matbuot anjumanida OAV vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi. Anjumanda viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari – Tergov boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Zohidjon Qayumov viloyat IIBning 2024-yildagi faoliyati natijalari va kelgusidagi rejalar haqida maʼlumot berdi. Jumladan, sohaga raqamli texnologiyalar va innovasion yondashuvlarning joriy etilishi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning, xususan, kiberjinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar borasida toʻxtaldi. 

Sohaviy xizmat rahbarlari esa mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilgan va bajarilishi rejalashtirilgan ishlar xususida gapirib, ayni paytda dolzarb va koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotgan holatlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shov-shuvli xabarlar yuzasidan berilgan savollarga javob berishdi. Shuningdek, yigʻilish qatnashchilari viloyat IIB huzuridagi Jamoatchilik kengashining faoliyati bilan ham tanishishdi.

Anjuman yakunida viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining yangidan foydalanishga topshirilgan binosi, maʼmuriy amaliyot markazi faoliyati va xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda soha tarixiga oid muzey bilan yaqindan tanishildi.  

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.