Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida joriy yilning 19-fevral yarim tunda sodir etilgan bosqinchilik jinoyati ichki ishlar organlari xodimlarining tezkor amaliy chora-tadbirlari natijasida fosh etildi.
Oʻsha kuni uch nafar nomaʼlum shaxs yuziga niqob taqqan holda, pichoq bilan qurollanib, Oltiariq tumani markazidagi internet xizmatlarini koʻrsatuvchi dillerlik shoxobchasiga bostirib kiradi. Ular shoxobcha xodimiga tan jarohati yetkazib, 5 million soʻm pulni talon-toroj qilishadi va hodisa joyidan yashirinadi.
Hammasi xamirdan qil sugʻurgandek oʻtganiga ishongan uchovlonning qadamlari uzoqqa bormadi. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni shu tumanda yashovchi A.X., E.O. va M.A. sodir etganligi aniqlandi.
Ayblanuvchilardan jinoyatni sodir etishda foydalanilgan buyumlar hamda jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan pullar evaziga sotib olingan buyumlar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Surishtiruvlar jarayonida ushbu yigitlar tavakkalchilikka asoslangan qimor oʻyinlariga ham mukkasidan ketgani, oʻyin uchun pul topish maqsadida shu ishga qoʻl urganligi maʼlum boʻldi.
Endi ular qilmishlariga yarasha qonun oldida javob berishadi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viliyati.
