Bechora ona. Kuydirgi oʻgʻlining dastidan bagʻri qon. Farzandining qilmishi ortidan el-yurt oldida boshi egik, tili qisiq. Qamalganining uchinchi oyidayoq xotini Munisa yolgʻiz qizalogʻini olib, ota uyiga ketib qoldi. Or qildi. Nima emish, odamlar qizaloqqa otasi qamalganini roʻkach qilib, koʻnglini choʻktirishini istamasmish. Qamalgan odam bolasiga ota boʻlishga haqqi yoʻq emish. Yelkasiga yukxaltasini ortmoqlab olgan Oʻlmasjon uyi tomon borarkan, boʻlib oʻtgan alamli voqealar bir-bir koʻz oldidan oʻtdi.
Oʻshanda qizalogʻi Sofiya endigina dunyoga kelgan, oʻzi otalik baxtidan yettinchi osmonda uchib yurardi. Oʻsha kezlari dunyo keng edi, charogʻon edi! Azbaroyi masrurligidan choyxona, kafe, restoranlardan boshi chiqmay qoldi. Ulfatlari ham atrofida koʻpayib ketdi.
Xato shu nuqtadan boshlandi. Yaxshigina quruvchi boʻlgan yigitning topganidan baraka uchdi. Ishga kech borar, buyurtma boʻyicha uylarning bitkazilishi kechikib ketar, mijozlar undan norozi boʻlar, toʻlovga gal kelganda ogʻrinib pul berishardi. Bu holat surunkali tus oldi. Oʻlmasjon ichkilikning quliga aylandi.
Onasi uni bu yoʻldan qaytarishga obdan urinib koʻrdi. Yolgʻizgina, tilab olgan oʻgʻlining sayoq qiyofaga kirib borayotgani uni kuydirar, kechalari uxlamasdan yoʻlga termilib oʻtirardi. Oʻlmasjon esa kafelardan birida ofitsiant boʻlib ishlovchi ayolga ilakishib qolgandi. Ustomon ayolning yasama tam-tamalari, qosh qoqishlari uni butunlay mahv etib qoʻygandi.
Topganini ichishga, oʻsha juvonga sarflay boshlagan yigit tobora uning makr toʻriga chuvalashib qolayotganini his qilmasdi. Makkora ayol esa uni avrab, pulini shilib, tilla taqinchoqlar, qimmat kiyimlar, atir-upalar olardi. Oʻlmasjon mashinasini qanday sotganini ham bilmay qoldi. U oʻzini bundan ham yaxshisini olaman, deb yupatdi. Qayoqda, yangi «Gentra»ga atalgan pul ham maishatga, oyimchaning bitmas-tuganmas ehtiyojlariga sarflanib ketdi.
Oʻsha kuni ishdan kechroq chiqdi. Toʻgʻri tanish kafega qarab yugurdi. Boshlanishiga muzdek pivo buyurdi. Lekin qoraqosh jononi koʻrinmasdi. Qiziq, qayoqda ekan? Har doim uning kelishini kutib turardi-ku! Boshi qotdi. Ikki yuz gramm konyak ichgach, kallasi ishlab ketgandek boʻldi, goʻyo. Ayolni dugonasidan surishtirdi. U labini burib, bilmasligini aytdi. Nariroqda patnis koʻtarib yurgan novcha ofitsiant yigitga koʻzi tushdi. Shu yigit bilan sirdosh boʻlib qolgan. Baʼzida u ayolni chaqirib berardi.
Ofitsiant u yoq-bu yoqqa alanglab, Oʻlmasjonning xushtori boshqa erkak bilan uchrashib yurishini pichirlab aytdi. Bu gapni eshitib, dunyo ostin-ustun boʻlib ketgandek tuyuldi nazarida. Alamidan yana ichkilikka shoʻngʻidi. Yarim kechada koʻchaga gandiraklab chiqdi. Oyoqlari uni oʻsha tanish xonadonga boshlab bordi. Derazalari ochilmagan, ichkarida odam borligidan darak yoʻq. Telefonini ham oʻchirib olgan ayolning bevafoligi uni qattiq gʻazablantirgan, alam ich-ichini oʻrtab yuborgandi.
Kutishga qaror qildi. Biror soat oʻtgach, qop-qora «Captiva» koʻp qavatli uy oldiga kelib toʻxtadi. Ichidan xushxandon holatda koʻngil qoʻygani tushdi. Uning ketidan sakrab tushgan qirq yoshlardagi erkakning ham kayfiyati chogʻ edi. Ular qoʻltiqlashib ichkariga kirib ketishdi. Oʻlmasjon oʻzini boshqara olmay qoldi. Ortlaridan ichkariga kirib bordi. Kiraverishdagi tanish joydan polyuvgichni oldi... Keyin esa nima boʻlganini eslay olmaydi. Koʻzini ochganida oʻzini qamoqxonada koʻrdi. Qoʻliga kishan solingan. Roʻparasidagi inspektor qandaydir savollar berardi. Ertasi kuni esa vaziyat oydinlashdi. U oʻzganing uyiga bostirib kirib, ikki nafar shaxsga tan jarohati yetkazgan, oʻzgalarning tinchini buzgan ekan...
Sud hukmi qatʼiy boʻldi. Oʻlmasjon yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Uni qoʻliga kishan solingan holda sud zalidan olib chiqib ketishdi.
Oʻlmasjon toʻrt yil oilasidan uzoqda, mahkumlikda hayot kechirdi. Hamma narsaning toʻlovi bor deganlari rost ekan. Sayoq yurgani, oilasiga xiyonat qilgani uchun juda qimmat tovon toʻladi. Oilasi parokanda boʻldi. Onasi yarimjon boʻlib qoldi. Oʻzi umrining bebaho yillarini tikanli sim ortida oʻtkazdi. Yigitlik bahorini boy berdi.
Shu yillar davomida ming bir pushaymonlik, vijdon azobi uni tinch qoʻymadi. Onasi nafaqa pullarini yigʻib, uning holidan xabar olib turar, xotini esa butunlay yuz oʻgirgandi.
Mana, bugun – ozodlikning ilk kuni. Hademay ota hovlisi ostonasidan hatlab oʻtadi. Onasining qalampirmunchoq hidi anqib turadigan bagʻriga oʻzini otadi. Hammasini boshidan boshlaydi. Oila quradi, farzand koʻradi, toʻylar qiladi, mushtipar onasini hajga yuboradi. Faqat Xudo umr bersa boʻlgani...
Abdurahmon
MUSTAFOQULOV,
oʻz muxbirimiz.
Sirdaryo viloyati.