Samarqand shahrining «Motrid» mahallasida doi­miy roʻyxatda turuvchi, ayni vaqtda jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan D.R.ni yaxshi taniydiganlar unga «Tilida sehri bor», deya taʼrif beradilar. Buning sababi erkakning yolgʻonni rostdek soʻzlashi, firibgarlik orqali koʻpni qaqshatganidir. Tabiiyki, qilmishlari jazosiz qolmadi, 6 marta sudlangan bu shaxs umrining bir qismini panjara ortida, yana anchagina vaqtini ichki ishlar organlari probasiya xizmati nazorati ostida oʻtkazgan.

D.R. Samarqand shahrida «grin kard» lotereyasida ishtirok etmoqchi boʻlganlarning maʼlumotlarini rasmiy saytga kiritishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subʼekti ochganida «Yana bir baloni boshlamasa boʻldi», deydiganlar topildi. Afsuski, ular adashmagandi. 

Qisqasi, firib ustasi Jizzax shahrida ham oʻz tadbirkorlik subʼektining filialini ochdi va mazkur shaharning «Navroʻz» mahallasida istiqomat qiluvchi S.J.ni ishga joylab qoʻydi. Koʻp oʻtmay ana shu qiz oʻzi bilmagan holda D.R.ga yangi firibgarlik gʻoyasini taqdim qiladi. Yaʼni, oʻzi haqidagi maʼlumotlarni rasmiy saytga kiritish uchun kelgan yigitlardan bir nechtasi S.J.dan «grin kard»siz AQShga ketish yoʻllari bormi?», deya surishtiradilar. Qiz ularga aniqlashtirib, javobini aytishga vaʼda beradi va boshligʻidan maslahat soʻraydi. 

Oʻz navbatida, D.R. boʻydoqlarni shilish rejasini ishlab chiqib, S.J.ga AQShga ketmoqchi boʻlgan yigitlarni oʻziga uchrashtirishni soʻraydi. U bilan yuzlashganlarga esa «grin kard» sohibi boʻlgan qizga uylanishni, koʻngliga yoqmasa, AQShga borgach, ajrashib ketishni taklif qiladi. Firibgar bu hiylasini amalga oshirish maqsadida Samarqand viloyatining Jomboy tumanida yashovchi, rostdan ham «grin kard» sohibi boʻlgan Sh.E.ga jinoiy sheriklikni taklif qiladi. Ammo qiz bunday ishlarga qoʻl urmasligini maʼlum qiladi. 

Ushbu nayrangi oʻtmagan D.R. qoʻl ostida ishlaydigan, Payariq tumanining «Gulis­ton» mahallasida yashovchi Sh.J.ning suratidan foydalangan holda soxta «grin kard» yasab, AQShga ketish ilinjida yonayotganlarga koʻrsatadi. «Kuyov»lar qiz bilan uchrashish istagini bildirganda esa xodimi Sh.J.ni boʻlgʻusi «kelin» rolini oʻynab berishga koʻndiradi.

Natijada jinoiy guruh tuzogʻiga boʻydoq yigitlar tusha boshlaydi. Xususan, D.R. «Xorijga ketish xarajatlari» izohi bilan Sharof Rashidov tumanining «Qatortol» mahallasida istiqomat qiluvchi J.R.dan 20 ming AQSh dollari oladi. Shu tarzda u jizzaxlik 19 nafar yigit va ularning ota-onalaridan 127 ming 340 AQSh dollari hamda 337 million 992 ming soʻm undirishga muvaffaq boʻladi. 

Qizigʻi, ayrim jabrlanuvchilarning ota-onalari Sh.J. bilan suhbatlashib, «koʻhlikkina» qiz yoqib qolgani bois uni kelin qilishga roziliklari ifodasi sifatida boshiga roʻmol yopadilar. Bir yildan oshiq vaqt oʻtsa-da, xorijga keta olmagan yigitlar hamda ularning yaqinlari shubhaga tushib, Samarqandga serqatnov boʻlib qolishadi. Mazkur jarayonda ayrim jabrlanuvchilar D.R.ning idorasida bir-birlariga duch kelishadi. Kamiga «grin kard» sohibi rolini ijro etayotgan qizni ish ustida koʻradilar. Janjal boshlangach, firibgar qochib ketadi. 

Tabiiyki, jabrlanuvchilar ichki ishlar organlariga ariza yozdilar. Shu asosda gumon qilinuvchiga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi. Pirovardida, qochoq Qozogʻis­ton chegarasidan oʻtayotganida qoʻlga olindi. Sud D.R.ga 9,9 yil, S.J.ga 5,6 yil, Sh.J.ga 4,6 oy ozodlikdan marhum qilish jazosini tayinladi. Achinarlisi, firibgardan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning katta qismini undirishning iloji topilmadi. Xullas, xorijga ketish orzusi 

19 nafar yigit va ularning yaqinlari uchun juda qimmatga tushdi. 

Bobomurod ERKINOV,

mayor.

Jizzax viloyati.