Raqqosa, baletmeyster Rushana Sultonova 1965 yil 27 noyabrda Buxoro viloyatida tugʻilgan. U 1979-1984 yillarda Toshkent xoreografiya bilim yurtida oʻqigan. 1991 yilda Toshkent davlat madaniyat institutini tugatgan. 

U «Bahor», «Yetti goʻzal» ansambllarida faoliyat yuritgan. 2000 yildan «Oʻzbekraqs»da yetakchi raqqosa. Shuningdek, 2002 yil oʻzi tashkil etgan «Ey sanam» ansamblida faoliyat koʻrsatmoqda. Rushana Sultonova raqslari tabiiy talqini, musiqaviyligi, ohangga mos xirom etishi, yuqori raqs madaniyati bilan ajralib turadi. U barcha viloyatlar boʻyicha folklor raqslarni ijro etgan. «Doira chorlaydi», «Buxorocha», «Qizbola», «Xorazm raqsining tugʻilishi» (klipi bilan), «Firoq», «Bahor ayyomi», «Noznoz», «Bonubonu», «Sarvinoz», «Orazibon lazgisi», «Tanavor 2», «Gulsanam», «Uchrashuv», shuningdek, tojik, afgʻon va boshqa koʻplab xalqlarning raqslari ijrochisi sifatida tanilgan. Rushana Sultonova haqida «Rushana Sultonova raqsga tushadi» filmlari (1986, telefilm, rejissyor SH.Xoʻjayev; 2000, rejissyor Davron Salimov) ishlangan.