Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda. Chunonchi, keyingi vaqtda faoliyat ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida barcha mahallalarda huquq-tartibot maskanlari videokuzatuv moslamalari oʻrnatilgani, yoʻl-patrulʼ xizmati inspektorlari bodi-kameralar bilan taʼminlandi. Shu bilan birga, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni roʻyxatga olish boʻyicha yangi raqamlashtirilgan platformani ishga tushirish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Eng muhimi, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «Korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni «halollik vaksinasi» bilan emlashdan boshlanadi». Bu yoʻnalishda ham tizimda diqqatga sazovor ishlar olib borilayotgani taʼkidlash joiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning muvaffaqiyatli tajribalariga murojaat etadigan boʻlsak, Singapurda byurokratiyani minimallashtirish, qatʼiy qonunlar va davlat xizmatchilari uchun yuqori maoshlar korrupsiyani yoʻq qildi. Qolaversa, bu davlatda Korrupsion holatlarni tergov qilish byurosi (CPIB) faoliyat yuritib, u maxfiy tekshiruv asosida har bir mansabdor shaxsning moliyaviy holatini nazorat qilish vakolatiga ega. Gruziyada esa, politsiya va davlat tuzilmalarining keskin islohoti korrupsiya darajasini sezilarli darajada pasaytirdi. Bu tajriba korrupsiyalashgan xodimlarni yangi professional xodimlarga almashtirishga sharoit yaratdi. Shvetsiyada samarali jamoatchilik nazorati va shaffof boshqaruv tizimi mavjud. Bunda ochiq maʼlumotlar bazasini yaratish va mustaqil sud tizimini yoʻlga qoʻyish kabi harakatlar xalqni davlat institutlariga nisbatan ishonchini yuqori darajaga olib chiqilishiga sabab boʻlgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish uzoq muddatli jarayon boʻlib, kompleks yondashuvni talab qiladi. Qatʼiy qonunlar, shaffof davlat tizimi, mustaqil sud hokimiyati va faol fuqarolik jamiyati birgalikda haqiqiy oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin. Eng muhimi – befarq boʻlmaslik va davlat idoralaridan halollikni talab qilishdir.
Xulosa oʻrnida davlatimiz rahbarining «Korrupsiyaga qarshi kurash jarayoni hech qachon aniq muddat bilan cheklanmaydi. Ushbu masalada faqat davlatning saʼy-harakati bilan kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi. Bu – butun jamiyatimizning ishi» degan fikrlarini keltirish maqsadga muvofiqdir.
Shahboz SHOYMARDANOV,
katta leytenant.
Toshkent shahri.
