Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov tomonidan Buvayda tumanida oʻtkazilgan sayyor qabul jarayonida fuqarolarning har bir murojaati sinchkovlik bilan oʻrganildi.

Qabulda 44 nafar fuqaro ishtirok etib, 48 ta masala boʻyicha sektor rahbariga yuzlandilar. Eʼtiborlisi, har bir murojaat tegishli boshqarma va tashkilot rahbarlari ishtirokida koʻrib chiqilib, 22 tasi joyida ijobiy hal etildi.

Qolgan murojaatlarning ijrosi muddat talab qilganligi sababli  sohaviy hizmatlarga yuklatilib, nazoratga olindi.

Murojaati joyida xal boʻlgan yurtdoshlarimiz esa viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbarlariga samimiy minnatdorchilik bildirdilar.

– “Poshshopirim” mahallasidan murojaat bilan keldim, – deydi mehnat faxriysi Bahodir Sultonov. – Mahallamizdagi ichki yoʻllar taʼmirlashga muhtoj edi. Sektor rahbari murojaatimni ijobiy hal qilib berdi. Ertadan yoʻlsozlar mahallamizda ish boshlab, mustaqillik bayramigacha taʼmirlash ishlarini tugatadigan boʻlishdi.

Shuningdek, qabul davomida bir guruh oʻgʻil-qizlarga birinchi marta fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi. Ularga badiiy kitoblar ham sovgʻa qilindi.

Abduvosit SIDIQOV,

Oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.