Viloyat sektor rahbarlari boshchiligida Buxoro shahridagi mavjud 65 ta mahallaning raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari ishtirokida keng koʻlamli “Dolzarb 10 kunlik” obodonlashtirish ishlari doirasida asosan fuqarolarning xonadonlari, koʻcha va mahalla hududini obod qilish, sanitariya madaniyatini qaror toptirishda hamjihatlik, birdamlik muhitini yaratishga eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, aholini yillar davomida qiynab kelayotgan turli ijtimoiy masalalarni ijobiy hal etish borasida mahalla raisi sektor rahbarlari bilan birgalikda oʻrganib chiqishmoqda. Jumladan, IIB boshligʻi, polkovnik Sh.Aliyev mahallalarning beshlik vakillari, biriktirilgan masʼullar hamda sektor hududida faoliyat olib boruvchi ishchi guruh aʼzolari bilan Olim Xoʻjayev nomidagi va “Piridasgir” mahallalarida oʻrganish ishlarini olib borishdi.

Oʻrganishlar jarayonida mahallalarning meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash, yoʻlaklarni taʼmirlash, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, yongʻin va texnika xavfsizligi choralarini koʻrish, barcha obodonlashtirish ishlarini sifatli va muddatida amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, daraxtlarga shakl berish, oqlash, uylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash bilan birga, yoʻl, gaz, elektr, aloqa, ichimlik suvi taʼminoti, irrigatsiya tizimlaridagi muammolarni bartaraf etish ham alohida nazoratga olindi.


Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.