Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Hayʼatining kengaytirilgan majlisida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov ishtirokida tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimining oʻrinbosarlari, viloyat va tuman-shaharlarning sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning huquq tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda hamkor idora va tashkilot vakillari ishtirok etdilar.
Yigʻilishni viloyat hokimi Botir Zaripov ochib, hududda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarlik holatlarining oldini olish borasida huquq-tartibot idoralari tomonidan keng jamoatchilik bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilayotganligini aytib, bu borada hali bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar koʻlami har bir rahbar, ayniqsa sektor rahbarlaridan alohida masʼuliyat bilan faoliyat olib borishni talab etishiga eʼtibor qaratdi.
Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.Bobojonov soʻzga chiqib, Ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan oʻrganishlar natijasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, yoʻl qoʻyib kelinayotgan tizimli kamchiliklar aniqlanganligiga toʻxtaldi.
Yigʻilish davomida, Davlatimiz rahbarining mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olishda “mahallabay” va “fuqarobay” ish tashkil etish borasidagi topshiriqlari yuzasidan, ichki ishlar organlari faoliyatini tanqidiy tahlillari va kelgusida tizim faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilab bergan bir qator vazifalarning Buxoro viloyatidagi ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Soʻnggi vaqtlarda joylarda, ayniqsa, bevosita mahallaning oʻzida jinoyatchilikning profilaktikasi, aholining muammoli toifalari orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlari birmuncha susaytirib yuborilganligi jiddiy tanqid qilindi.
Xususan, viloyatning Buxoro shahar va Gʻijduvon tumanlarida tegishli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi ishlarning talab darajasida emasligi, jinoyatchilikdan holi muhit yaratish borasida ijobiy samaralarga erishilmayotganligi tanqidiy-tahlil qilinib, hududlar sektor rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
Bundan buyon, ishni mutlaqo yangi tizimda, yaʼni mahalla, tuman va shahar kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, uch toifaga, yaʼni, “qizil”, “sariq” va “yashil”ga boʻlinishi hamda mahalladagi jinoyat oʻchoqlari aniqlanib, ularni keltirib chiqaruvchi omillar tahlil qilinib, shu yoʻnalishda aniq va maqsadli ishlar olib borilishi, kriminogen vaziyat murakkab boʻlgan 69 ta, qizil toifaga kiritilgan 90 ta va sariq toifaga kirgan 200 ta mahallalarga kuch-vositalarni qayta taqsimlab, bevosita “jinoyatlar oʻchoqlari” bartaraf etilishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, jinoyatlarning sohabay tahlillaridan kelib chiqib, boshqaruv, huquq-tartibot, sogʻliqni saqlash, oliy, oʻrta maxsus va oʻrta taʼlim, maktabgacha taʼlim hamda boshqa sohalarda sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni mehnat jamoalari ishtirokida keng muhokama qilish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarning ijrosi ham qoniqarsiz ekanligi tanqid qilindi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” negizida mahallalar kesimida har bir muammoli shaxs bilan yakka tartibda manzilli ishlash esa, aholi farovonligini taʼminlashga xizmat qilib, yuz berishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish imkonini berishiga alohida urgʻu berildi.
Xizmatda yoʻl qoʻygan tizimli kamchiliklari hamda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashdagi sustkashligi uchun bir qator rahbar va xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi va intizomiy jazo choralari eʼlon qilindi.
Shuningdek, xizmat faoliyatini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tashkil etib, hudud aholisining roziligiga erishish, ularning mavjud muammolarini aniqlash va bartaraf etish borasida namunali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlarni ragʻbatlantirish yuzasidan taklif kiritildi.
Yigʻilish soʻngida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda barcha sektor rahbarlarining bir yoqadan bosh chiqarib ish tashkil etishlari zarurligi taʼkidlanib, ular tomonidan berilgan takliflar boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
IIV Axborot xizmati
