Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar zamirida xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti, yoshlarning porloq kelajagini taʼminlash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Shu bois ham Prezidentimiz rahnamoligida tinchlikni mustahkamlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, keksalarni eʼzozlash, ertamiz egalarini barkamol avlod qilib voyaga yetkazishga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida alohida eʼtibor qaratilyapti. Buyuk ajdodlarga munosib boʻlish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash har birimizning, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchidir.
Ichki ishlar organlari faxriysi, jazoni ijro etish tizimida koʻp yillar samarali xizmat qilgan isteʼfodagi general-mayor Telman Muratxodjayev “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarini oʻtkazish uchun ilk xizmatini boshlagan 17-sonli hamda 1-sonli jazoni ijro etish koloniyalarida boʻldi. Oʻtkazilgan tadbirlarda soʻzga chiqib, oʻtgan davr va bugungi kundagi jazoni ijro etish muassasalari oʻrtasida katta farq borligini, islohotlar samarasi oʻlaroq, inson huquq va manfaatlarini amalda taʼminlashga bugungi kunda katta eʼtibor qaratilganligini alohida eʼtirof etib oʻtdi. Shuningdek, mahkumlar bilan uchrashuv oʻtkazib, ularga bugun xatolaridan xulosa chiqarib, jamiyatga sogʻlom fikrli shaxs boʻlib qaytishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligini, bundan oqilona foydalangan holda, kasb-hunar oʻrganib, halol yashashni oʻz oldilariga maqsad qilib olishlarini tushuntirdi.
Shundan soʻng Buxoro davlat universitetining faollar yigʻingohida hamda IIV Buxoro akademik litseyida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari oʻtkazildi. Tadbirlarda mazkur sohada uzoq yillar ishlagan faxriylar, departament xodimlari hamda oʻquvchi-talabalar ishtirok etishdi. Uchrashuvni Oltinchi mintaqaviy hudud mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi, podpolkovnik SH. Rajabov ochib, bugungi kunda jazoni ijro etish tizimida olib borilayotgan islohotlar, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda kelgusidagi rejalar bilan mehmonlarni yaqindan tanishtirib oʻtdi.
Samimiy muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvda isteʼfodagi general-mayor T. Muratxodjayev va boshqa bir necha faxriylar soʻzga chiqib, oʻz tajribalari asosida yoshlarga maslahat va tavsiyalar berishdi. Vatanga va kasbga sadoqat, ijro intizomi, halollik va fidoyilik, “ustoz-shogird” anʼanasi, oʻzaro hamjihatlik, mehr-oqibat haqida fikr bildirib, har bir xodim bu insoniy fazilatlarga ega boʻlishi kerakligini taʼkidlashdi. Bundan tashqari, isteʼfodagi general-mayor T. Muratxodjayev koʻp yillik xizmat faoliyati davomida jazoni ijro etish tizimining rivoji uchun beqiyos hissa qoʻshgan, vafot etgan xodimlarni chuqur hurmat bilan esga olib, ular bilan bogʻliq yorqin xotiralar va ezgu fazilatlari xususida soʻz yuritdi.
Uchrashuv soʻngida yuqori natijalarga erishgan xodimlar hamda litsey oʻquvchilariga faxriy yorliq, tashakkurnoma va badiiy kitoblar topshirildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari IIV Buxoro akademik litseyi qoshida faoliyatini boshlagan "Jasorat tarixiy muzeyi"ga tashrif buyurib, viloyat ichki ishlar organlarining shonli tarixi bilan tanishdilar.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
