Ichki ishlar organlarida xizmat qilish bilan birga koʻngli sanʼatga oshufta boʻlgan isteʼdodli xodimlar talaygina. IIV huzuridagi JIED Birinchi min­taqaviy hududi 14-son JIEK davolash-profilaktik yordam koʻrsatish boʻlimi vrach-narkologi, kapitan Sarbinaz Uzakova ana shundaylardan biri. 

Sarbinaz 2018-yildan buyon sohada faoliyat koʻrsatib keladi. U boʻsh vaqtlarida dutor chaladi, qoʻshiq kuylaydi. Ayniqsa, chanqovuz chalganida, hamma sel boʻlib tinglaydi. 

– Onam chanqovuzni maromiga yetkazib chalardilar, – deydi Sarbinaz. – Biz chanqovuz chalishni ulardan oʻrganganmiz. Onam darajasida ijro eta olmasak-da, turli oilaviy tadbirlar, bayramlarda chalib turamiz. Chan­qovuz chalsam, otam bilan soʻzlashganday, onam bilan dardlashgandek boʻlaman. 

Sarbinazga hamkasblari havas qilishadi. U tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan bir qancha koʻrik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Lavhamiz qahramoni bir oʻgʻil, bir qizning sevimli onajonisi ham. 

– Farzandlarim el koriga yaraydigan, Vatani va xalqi uchun yonib yashaydigan insonlar boʻlib yashashini istayman, – deydi u. – Bu yoʻlda avvalo, oʻzim ularga ibrat, oʻrnak boʻlishga intilaman.

Lavhamiz qahramonining shaxdam qadamlari orzulariga esh boʻlsin, deymiz. 

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent viloyati.