Navbahor tumanidagi mavjud 41 ta mahallada aholisi gavjum joylarda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida tuman IIB JXX HPB xodimlari tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda. 

Yaqinda «Yuqori Beshrabot» mahallasida tashkil etilgan profilaktik tadbir mobaynida ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi boʻlganlar, yakka-yolgʻiz istiqomat qiluvchilar hamda probatsiya nazoratidagi shaxslarning xonadonlariga kirilib, muammolari oʻrganildi, ehtiyojmand oilalarga koʻmak koʻrsatildi. 

Tugʻma nogiron Kamola Nortoyeva va 87 yoshni qarshilagan Anor aya Fozilovaga tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi xodimlari tomonidan ID-kartasi topshirildi. Bundan tashqari, kasallik va boquvchisini yoʻqotganlik uchun nafaqa rasmiylashtirish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi. 

– Hududda olib borilgan amaliy ishlar, koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida «Beshrabot», «Qiziloy» hamda «Oq oltin» mahallalarining kriminogen vaziyati yaxshilanib, «yashil» toifaga oʻtdi. Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek, «Qorovultepa», «Gʻujbogʻtepa» va «Chorbogʻguzar» mahallalarida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida savdo doʻkonlari va koʻchalarda kuzatuv kameralari oʻrnatildi, – deydi tuman IIB JXX HPB boshligʻi, kapitan Vahobiddin Oʻsarov.

Tumanda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, bandligini taʼminlash, ularga nisbatan sodir etilishi mumkin boʻlgan tazyiq va zoʻravonliklarning oldini olishda va ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan, ishsiz ayollarga koʻmak koʻrsatishdi. Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor, kapitan Yulduz Gʻafforova samarali xizmat olib bormoqda.  

Mahalladagi aholining muammolarini, turmush sharoiti, vaziyatini shu mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektorichalik hech kim yaxshi bilmaydi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasining xizmat samaradorligi esa profilaktika inspektorlarining bilim va salohiyatiga, tajribasiga va tezkorligiga bevosita bogʻliq. Mayor Muslim Aliyev, kapitan Laziz Shermurodov, katta leytenant Oʻtkir Rahmatov mahallalarda sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida namunali xizmat qilmoqdalar.

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.