Fargʻona viloyati IIB masʼullari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda xotin-qizlar hamda mahalla faollari ishtirokida “Biz zoʻravonlikka qarshimiz” mavzusida seminar-trening va turli targʻibot tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Bu haqida viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Bagʻdod tumanining chekka hududida joylashgan “Qaroqchitol” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 50-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan targʻibot tadbiri ham aynan shu maqsadga qaratildi.

Mazkur muassasa Fargʻona viloyati IIB otaligʻiga olingan boʻlib, maktab oʻquvchilarning maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom, Vatanga sadoqatli farzand boʻlib voyaga yetishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Fargʻona viloyati IIB xodimlari “Qadrdon maktabga sovgʻa qilaman” shiori ostida oʻquvchilarga maktab sumkalari, oʻquv qurollari ham taqdim qilishdi.

Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar hududlarda ijtimoiy-kriminogen vaziyatni yaxshilash, xotin-qizlar hamda yoshlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bilan bir qatorda, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.