Termiz shahar IIB 1-sonli IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Muslimbek Qamariddinov ham ishning koʻzini biladigan xodimlardan. Dastlab faoliyatini shahardagi «Chegara», «Nurli kelajak» mahallalarida boshlagan qahramonimiz hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialida talabalar xavfsizligini taʼminlash, ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olishdek vazifani sharaf bilan ado etyapti.
– Oliygohda 4 800 nafardan ortiq talaba tahsil oladi, – deydi katta leytenant Muslimbek Qamariddinov. – Ular orasida 300 nafar hindlar ham bor. Yaqinda talabalardan biri yonida sovuq qurol olib yurgani aniqlandi va tezda unga nisbatan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, taʼlim muassasasida joriy qilingan «Odob-axloq kodeksi»ga binoan kiyinishida, yurish-turishida oʻzgarish sezilgan yoshlar bilan ham profilaktik suhbatlar olib boraman.
Muslimbek oʻz vazifasidan tashqari, bilimini yanada mustahkamlab bormoqda. U oʻtgan yili boʻlib oʻtgan «Zakovat» bahslarida Termiz shahar IIB jamoasi tarkibida ishtirok etib, jamoaning viloyatda 2-oʻrin egallashiga hissa qoʻshdi. Qolaversa, Muslimbek 2023-yilda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan tanlovda «Yilning eng faol ichki ishlar profilaktika inspektori» nominatsiyasi gʻolibi boʻldi. Yaqinda Ichki ishlar vazirining faxriy yorligʻi hamda kitoblar jamlanmasidan iborat mukofotni qabul qilgani Muslimbekni ham, ota-onasini ham ruhlantirdi. Bu unga bildirilgan yana bir katta ishonch boʻldi.
– Otam Buxoro viloyatida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida xodim sifatida faoliyat yuritadi. Qatʼiylikni ulardan oʻrganganman. Hanuzgacha erta tongdan qoʻngʻiroq qilib, ishga ketishim oldidan «oʻzinga toʻgʻri boʻl, atrofdagilar bilan xushmuomala boʻl, kasbinga dogʻ tushiradigan nojoʻya ish qilma», deb tayinlaydi. Doim toʻgʻri soʻzlab, yoʻlimda toʻgʻri yurishim kerakligini uqtiradi. Shundanmi, bular mening odatlarimga aylanib ulgurgan, – deydi lavhamiz qahramoni.
«Yigitning kuni el bilan» deydi donolar. Shunday ekan, kunini, umrini el-yurtning osoyishtaligiga sarf etayotgan Muslimbek kabi xodimlarning safi koʻpayaversin.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
