Atamaning lugʻaviy maʼnosi
Tadqiqotlarga koʻra, joy nomining kelib chiqishi borasida olimlar va mahalliy aholi oʻrtasida bir nechta qarashlar mavjud. Birinchi faraz: Oʻrta Osiyo xonliklarida lashkar otryadini orqadan qoʻriqlovchi maxsus askar yoki qoʻshinning eng orqadagi qismi shunday atalgan.
Tarixchi olimlar Alisher Navoiy asarlariga tayanib, – vul qoʻshimchasi (masalan: hirovul, qorovul, yasovul, bakovul) harbiy va saroy xodimlarini bildirganini taʼkidlaydilar. Shu munosabat bilan, Chindovul — «qoʻshinning eng orqadagi qismi» degan maʼnoni anglatishi mumkin.
Yana bir manbaga koʻra, chindovul oʻzbek va tojik xalqlarida dubulgʻa shaklidagi, bir tomonidan teri bilan qoplangan urma cholgʻu asbobi. Harbiy yurishlar va turli marosimlarda qoʻllangan. Chindovul otliq askar egariga boylangan, tayoq yoki qamchi dastasi bilan chalingan.
«Gul termoq» rivoyati
Mahalliy aholi orasida bu nom tojikcha «chin» (termoq) soʻzidan olingan boʻlib, «gul termoq» degan maʼnoni bildiradi, degan qarash bor. Biroq tilshunos olim T. Noʻmonov bu fikrni rad etadi, chunki hududning tarixiy shakllanishida bu maʼno oʻz isbotini topmagan.
«Qirq ovul»
afsonasi
Rivoyat qilinishicha, Shoh Jalil ismli shaxs Kosonsoyga borganida uni shaharga kiritishmagan. U oʻz karvoni bilan hozirgi Chindovul hududiga kelgan va bu yerda
40 ta ovul (chil ovul) tikib yashagan.
Zamonaviy onomastika (joy nomlarini oʻrganish fani) quyidagi talqinni eng ishonchli deb hisoblaydi:
Chindovul = Chin (xitoy etnonimi) + Ovul (turarjoy)
Bu yerda «Xitoy qishlogʻi» maʼnosi yashiringan. Til taraqqiyoti davomida «Chin-ovul» birikmasi orasiga «d» undoshi orttirilgan va yaxlit bir nomga aylangan.
Buni nima
isbotlaydi?
Qishloq yaqinidan oqib oʻtuvchi Xitoysoy gidronimi (suv nomi) mavjudligi bu ilmiy qarashning naqadar toʻgʻri ekanligini tasdiqlovchi asosiy dalildir.
Maqolani tayyorlashda tarixiy manbalar va T. Noʻmonovning tadqiqotlaridan foydalanildi.
Jahongir TOʻXTASINOV,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
