Xorijga ishlash uchun ketgan kattaqoʻrgʻonlik Gulmira Jumayeva muhojirlikning qiyin kunlarini boshidan kechirdi. Qoʻli ishda boʻldi. Yuragi Vatan sogʻinchi bilan toʻlgʻondi. Har kuni ishda toblanib, oʻzidagi yangi qirralarni kashf etar, qalbida ulkan rejalar tugʻyon urib, katta orzuga aylanib borardi. Shu maqsadlari roʻyobi uchun ishdan keyin ham dam olmas, boshqa bir ish oʻrganar, atrofdagilarni kuzatardi. Musofirchilik unga vaqtni qadrlashni, odamlar bilan ishlashni oʻrgatdi. Har bir qiyinchilik saboq boʻldi, sabrning qimmatini, mehnatning rohatini angladi. Ammo, baribir bir kuni oʻz ishimni boshlayman, degan istak uni bir dam tinch qoʻymasdi.
2016-yilda yurt sogʻinchi qumsab Vatanga qaytdi. Ayrimlar kabi bir chemodan matoh yoki pul emas, hayotiy tajriba va ishonch ham olib keldi. Ishlab chiqarish hududlari, shahar chetlarida yigʻilib qolgan chiqindilar, ayniqsa plastik buyumlar uni oʻziga rom etar, «axir bular chiqindi emas, yangi mahsulot xom ashyosi, tayyor imkoniyat-ku», – deb oʻylardi u. Hech ikkilanmay tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Chiqindini qayta ishlab, granula ishlab chiqaradigan kichik korxona ochdi. Birovlarning gapiga qaramadi. Har toʻsiqni imtihon deb bildi. Qayta ishlangan granulalarni qoʻliga olgach, koʻngli yorisha boshladi.
– Gulmira opa ishchilarga bugun qayta ishlangan bir kilogramm chiqindidan tayyorlangan granula, nafaqat tayyor mahsulot xomashyosi, balki ertangi toza havo, – deb taʼkidlaydi. Kichik korxona asta-sekin kengayib klasterga aylandi. Bugungi kungacha 5 ta MCHJ tashkil etib, 426 ta ish oʻrin yaratdi. Xitoydan 100 ming AQSH dollariga asbob-uskunalar olib kelib, soʻnggi 5 yilda 178 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqardi. Ishchilarning 123 nafari xotin-qiz. Aksariyati ehtiyojmand oilalar vakillari, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan qatlamdan.
– Dastlab, bu sohada ishlayotgan tashkilotlarga bordim. Koʻplab tadbirkorlar bilan suhbatlashdim, – deydi lavhamiz qahramoni. – Biroq ular bu ish bilan shugʻullanishimga, eplab ketishimga ishonmadi. «Ayol kishi ekan, qoʻlidan kelmaydi, 1-2 oy ishlab, tashlab ketadi», deb oʻylashdi. Lekin men maqsad va ahdimdan qaytmadim. Hozir shaharda ham, tumanda ham hech qanday chiqindi koʻrmaysiz, hammasi yigʻishtirib olib ketiladi va bizni zavodimizga boradi. Bugungi kunda qayta ishlayotgan narsamiz oddiy shisha. Temir, plastmassa mahsulotlarini qayta ishlaymiz. 7 xil qayta ishlaydigan mahsulotlarimiz bor. Har bir chiqindi katta daromad. Ishchilar bilan bir oiladekmiz, bu axlat tozalovchi degan gap yoʻq. Bir dasturxonda oʻtirib ovqatlanamiz, ularni eshitaman, dardini tinglayman. Shu vaqtgacha ish va oilam bilan oʻralashib, oʻqimagan edim. Ayni paytda oliy maʼlumotli boʻlish istagida Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida sirtdan oʻqiyapman. Tadbirkorlikning nazariy jihatlarini ham oʻrganyapman.
2024-yilda tadbirkor Gulmira Jumayeva Narpay va Paxtachi tumanlariga ham xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻydi. Hozirda «Anvarjon biznes» MCHJ korxonasining 40 ga yaqin yuk mashinalari Kattaqoʻrgʻon va Narpay tumani mahallalariga xizmat qilayotgan boʻlsa, klasterga qarashli yana bir «Mansurbek qoʻrgʻon-biznes» MCHJ korxonasi Paxtachi tumanidagi 59 ta mahalla bilan ishlaydi. Bu ishda unga turmush oʻrtogʻi, oʻgʻillaridan tashqari yana 400 ga yaqin ishchi koʻmak beryapti.
Tadbirkor ayol uchun 2025-yil omadli boʻldi. U «Yil ayoli» milliy tanlovining Respublika bosqichida oliy oʻrin Gran-pri sohibasi deb eʼlon qilindi. Gʻolibga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovgʻasi «Onix» avtomashinasi tantanali tarzda topshirildi. Bu esa uning mashaqqatli mehnatlari ortidan kelgan yuksak mukofot.
Xullas, Gulmira Jumayevaning sabri, jasorati boshqalarga ilhom manbayi. U mehnat bilan oʻsdi, orzu bilan ulgʻaydi, masʼuliyat bilan yuksaldi. Maqsad qatʼiy boʻlsa, manzilga yetish mumkinligini hayotida isbotladi.
Umida MAMADALIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
