Katta serjant Baxtiyorjon Musulmanovda harbiy xizmatchi boʻlish orzusi bolalikdan yoʻldosh. Amakisi Shavkat Xoliqovning chorak asr harbiy xizmatchi boʻlgani va uyga formada kelishi uning orzusiga sabab boʻldi. Baxtiyorjon Gʻuzor tumanidagi oʻrta maktabni bitirib, yigitlik burchini IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli poytaxtimizda joylashgan 7534-harbiy qismda oʻtadi.
Uning oʻz ishiga boʻlgan masʼuliyati va qiziqishini sezgan harbiy qism rahbariyati muddatli harbiy xizmatni tugatgan Baxtiyorjonga shartnoma asosida xizmatni davom ettirishni taklif qildi. Shu tariqa, mazkur harbiy qism 2-batalyonida shartnoma asosida vzvod nazoratchisi lavozimida faoliyatini boshladi.
Oʻtgan davr mobaynida tinimsiz izlanib, sohaga oid bilim va koʻnikmasini oshirdi. Ustozi, katta serjant Qahramon Xidirovdan kasb sir-asrorlarini oʻrgandi. Qarshi shahridagi 7533-harbiy qism 3-batalyon nazoratchisi lavozimida xizmatni davom ettirgan B. Musulmanov Toshkent avtomobil yoʻllari texnikumida sirtdan tahsil olishga ham ulgurdi.
IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Buxoro viloyatidagi 7536-harbiy qism saf boʻlinmasi boshligʻi, leytenant Umrzoq Eshonqulov hamda 7533-harbiy qism masʼul ijrochisi, kichik serjant Pahlavon Sayfullayevlar uni ustoz sifatida qadrlashadi. Mana chorak asrdirki, yurtga va kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan Baxtiyorjon turmush oʻrtogʻi Rayhonaxon bilan oʻgʻli Quvonchbek tarbiyasida ham sobitqadam.
– Ustoz sifatida yoshlarning bilim va malakasini oshirishga munosib hissa qoʻshmoqda, – deydi ushbu harbiy qism komandirining birinchi oʻrinbosari – shtab boshligʻi, mayor Boburjon Ismoilov. – Bundan tashqari, barcha tadbirlarda faol ishtirok etish bilan birga, boshqalarni ham bunga jalb etadi.
Oʻz vazifasini yaxshi bilishi, tirishqoqligi, hamkasblariga doimo koʻmaklashishi bilan jamoada obroʻ topgan.
Sardorbek TURSUNPOʻLATOV,
kichik serjant.
Qashqadaryo viloyati.
