Qorakoʻl tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik J.Rasulov uchinchi sektor hududiga qarashli “Chandrabod” mahallasida istiqomat qiluvchi ogʻir toifaga kiritilgan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv davomida yoshlarning muammo va takliflari oʻrganildi.

Oʻtkazilgan yuzma-yuz muloqotda yoshlar tomonidan imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilishi, tadbirkorlik uchun yer maydoni ajratishda amaliy yordam berish, ish bilan taʼminlash, mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda imtiyozlardan foydalanish va boshqa ijtimoiy muammolar boʻyicha murojaatlar kelib tushdi. Eng asosiysi, murojaatlarning joyida hal etilishiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan murojaatlar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Shundan soʻng, sektor rahbari “Chandrabod” mahalla aholisi muammolarini joyiga chiqqan holda oʻrgandi. Oʻrganishlar davomida mahallada “beshlik” vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar birma-bir tahlil qilindi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan bajarilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Qolaversa, sektor rahbari mahalla mutasaddilari ishtirokida kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar xonadonida ham boʻldi. Ularning bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlikka yoʻnaltirish orqali muqim daromad manbayiga ega qilish zarurligi borasida tegishli topshiriqlar berildi.

M.AHADOV,

Oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.