Kechga yaqin leytenant Sarvinoz Abduvalieva­ning telefoni jiringladi. Gʻafur Gʻulom nomidagi mahalla fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar faoli Gulmira Ernazarova ekan. U kuyingancha oilaviy janjalni bartaraf qilish uchun yordam zarurligini bildirdi. 

Mahalla fuqarolar yigʻiniga yetib kelganida, Sarvinozni mahalla beshligi va tushkun holatdagi bir juvon kutib turardi. Maʼlum boʻlishicha, hududdagi koʻp qavatli uyda yashovchi qaynonaga kelinining muomalasi yoqmay, uyidan chiqarib yuboribdi.

Profilaktika inspektorining avtoulovida qaynonaning turarjoyiga borishdi. Mahalla faollari va ichki ishlar organlari xodimlarini koʻrib, onaning xijolat tortgani sezildi, lekin qovogʻi ochilmadi. Ular mezbonga oila buzilishi oqibatlarini tushuntira boshladilar. Leytenant Sarvinoz Abduvalieva esa masalaning huquqiy jihatlariga toʻxtaldi, xususan, ajrim yuz bergudek boʻlsa, aliment toʻlash hamda kelinga yashash joyining bir qismini ajratish bilan bogʻliq masala koʻtarilishini gap orasida qistirib oʻtdi. Nizo yanada alanga olmasligi uchun fikrlarini bosiqlik va ehtiyotkorlik bilan bayon qildi. 

Qisqasi, kelin kechirim soʻradi, tomonlar yarashdi, oʻz navbatida, profilaktika inspektori juvonga bir oy muddatga himoya orderi rasmiylashtirdi. Koʻp oʻtmay, hammasi joyiga tushdi. Doʻstlik tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Sarvinoz Abduvaliyeva esa yana bir oilani ajrimdan saqlab qolishga hissa qoʻshganidan quvondi. 

Maqolamiz qahramoni umumtaʼlim maktabining 5-sinfidan boshlab taekvondo bilan shugʻullanadi va yaxshigina natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Jumladan, 2012–2018-yillar oraligʻida ketma-ket 8 marta Oʻzbekiston chempioni boʻldi. 2014-yili Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari taekvondochilari ishtirokida boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqada 58 kilogramm vazn toifasida birinchi oʻrinni egalladi. Ayni shu yutuqlari sabab 2019-yili imtiyozli ravishda IIV Akademiyasiga oʻqishga qabul qilindi. Taʼlim davomida ham sportni tashlab qoʻymadi, 2019-yilda yana bir bor mamlakat chempionligiga erishdi. 

2022-yili xizmat faoliyatini boshlagan Sarvinoz hozir ham turli darajadagi musobaqalarda qatnashib, gʻoliblar safidan joy olayotir. Chunonchi, joriy yilning fevralʼ oyida boʻlib oʻtgan mamlakat chempionatida uch raqibidan ustun kelib, shohsupaga koʻtarildi. 

– Mart oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari taekvondochilari oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro turnirda gʻolib boʻlib, oltin medalʼ bilan taqdirlandim, – deydi sport ustaligiga nomzod Sarvinoz Abduvaliyeva. – Bu gʻalaba menga avgust oyida Qozogʻistonda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ishtirok etish huquqini berdi. Ayni kunlarda musobaqaga qizgʻin hozirlik koʻryapman. 

Maqolamiz qahramonining orzulari bisyor. Xususan, xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning sabab va omillarini oʻrganish hamda oldini olish yuzasidan ilmiy ish qilish niyatida. Uning ezgu niyatiga erishishiga ishonamiz.

Alijon ABDUSATTOROV,

«Postda» muxbiri.

Jizzax viloyati.