Toshkent Tibbiyot akademiyasi Urganch filialida “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat IIB HPB boshligʻining oʻrinbosari, kapitan S. Xudoyberganova ishtirok etib, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining mazmun-mohiyati, ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasida tegishli tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Davra suhbatida filial direktorining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi F. Otajanova, Urganch shahri boʻyicha IIOFMB HPB katta inspektori, katta leytenant N. Abdullaeva hamda filialning xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, leytenanti Sh. Oʻktamovalar soʻzga chiqishdi. Ular oʻz maʼruzasida mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlari hamda hududiy dasturlarning ijro etilishi holati, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy va ruhiy yordam koʻrsatish, sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarini xotin-qizlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi holatlar toʻgʻrisida tezkor xabardor qilish mexanizmlarining yaratilganligi, “Himoya orderi”ga ega boʻlgan xotin-qizlar bilan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida taʼkidladi.
Tadbirda ishtirokchilar mavzuga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javob olishdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
