Joriy yilning 25-oktabr kuni ertalab viloyat IIBdan qoʻngʻiroq qilishdi. Unga Prezidentimiz farmoniga binoan, «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangani, mukofotni olish uchun Ichki ishlar vazirligiga taklif qilinganini aytishganida, koʻnglidan kechgan tuygʻularni soʻz bilan ifodalay olmaydi. Oʻsha bir necha lahzada butun bosib oʻtgan xizmat yoʻli koʻz oldidan oʻtdi. 

Shahlo Norqoʻziyeva 1978-yilda Toshkent viloyati Bekobod tumanida tugʻilgan. Uning bolaligi kechgan Navoiy nomli mahalla judayam soʻlim goʻshalardan. Bir tarafi Sirdaryoga, ikkinchi tarafi anhorlarga tutash dalalarni unutib boʻlarkanmi! Kapalaklar quvib oʻtgan shoʻx-shodon bolalikdan boshlangan uning hayot yoʻli. Oʻrta maktabni tugatgach, sinfdosh qizlardan farqli tarzda boshqa yoʻldan ketdi – Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga hujjat topshirdi. Lekin biroz omad yetishmadi. Bundan aslo tushkunlikka tushmadi. Otasining qoʻllab-quvvatlashi unga katta kuch berdi. Oʻsha paytlarda ichki ishlar organlari tizimida xotin-qiz xodimlarga ehtiyoj bor edi. U Sirdaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasiga erkin yollangan ishchi sifatida qabul qilindi. Shahlo hujjatlarni tartibga solish bilan shugʻullanardi. 

1998-yilda orzusi ushaldi – IIV Akademiyasi sirtqi boʻlimiga oʻqishga kirdi. Shundan soʻng uni statist lavozimiga oʻtkazishdi. Yildan-yilga bilimi, tajribasi, malakasi oshgani sayin, vazifalari ham oʻzgarib bordi. Akademiyani tugatgach, Guliston shahar IIB Tergov boʻlimi, Shirin shahar IIB Tergov boʻlimi tergovchisi lavozimlarida xizmat qiladi. Bu kasb sinchkovlikni, katta ruhiy bardoshlilikni, kuchli irodani, qatʼiyatni talab qilishini oʻsha paytlarda tushunib yetdi.

Baʼzan qiyinchiliklarga ham duch kelardi. Ana shunday murakkab vaziyatlarda unga ustozlari — Sirdaryo tumani IIB Tergov boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Neʼmat Shomurodov, boʻlim tergovchisi mayor Ahad Azimov yaqindan yordam berardi. Unga jinoyatni fosh etishning oʻziga xos uslublarini oʻrgatishar, etʼiboridan chetda qolgan tafsilotlarni koʻrsatishardi. 

Sirdaryo tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi sifatida yuritgan bir jinoyat ishi tafsilotlari haliyam esida. Kuz oylari edi. Unga ogʻir tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyat ishini tergov qilish topshirildi. Voqea quyidagicha yuz bergan edi. Ikki ogʻayni aysh-ishrat qilishadi. Rosa ichib mast boʻlishgach, oʻrtalarida gap qochadi. Natijada janjal kelib chiqadi. Xonadon sohibi stoldagi boʻshagan shisha bilan ulfatining boshiga tushiradi. Oqibatda uning miyasiga qon quyiladi. Tibbiy yordam foyda bermaydi – jarohat olgan shaxs oradan uch kun oʻtgach vafot etadi. Jinoyat ishini yuritishda Shahlo Norqoʻziyeva barcha mayda jihatlargacha eʼtibor berdi. Ashyoviy dalillarni toʻpladi, qoʻshnilarning guvohliklarini erinmay yigʻdi. Natijada jinoyat ishi toʻgʻri malakalangani, ayb toʻliq isbotlangani sud tomonidan eʼtirof etildi. 

Podpolkovnik Shahlo Norqoʻziyeva 2017-yildan Sirdaryo tumani IIB Probatsiya boʻlimi katta inspektori lavozimida xizmat qilib kelyapti. Probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning ijtimoiy reabilitatsiyasi juda katta kuch va qatʼiyatni talab qiladi. Joriy yilning oʻzida probatsiya nazoratidagi shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida yetti marta mehnat yarmarkasi oʻtkazildi. Natijada yigirmadan ortiq shaxslarning bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, oʻttizdan ziyod shaxslarga tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun kredit ajratilishiga erishildi. 

Probatsiya nazorati ostidagi shaxslar orasida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmaydiganlari ham uchrab turadi. Ichkilikbozlikka ruju qoʻygan, belgilangan hududdan tashqariga chiqadigan, boshqa cheklovlarga rioya etmaydigan shaxslar alohida mavzu. Ularni toʻgʻri yoʻlga boshlashga boʻlgan urinishlar samara bermasligi Shahloni jigʻibiyron qilardi. Bu nima degan gap! Shuncha sharoit yaratib berilsa ham, buning qadriga yetishmasa, toʻgʻri xulosa chiqarishmasa! Yaqinda ham ana shunday shaxslardan yigirma nafarga yaqinining jazosi sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. 

Lavhamiz qahramoni shogirdlari bilan faxrlanadi. Ular viloyat IIB hududiy va tarkibiy boʻlinmalarida turli lavozimlarda faoliyat yuritishadi. Ayniqsa, mayor Oʻlmas Haydarov, kapitan Akmal Hasanovning nomlarini alohida tilga oladi. Ularning oʻz ishida erishgan yutuqlaridan Shahlo Norqoʻziyeva mamnun.

Abdurahmon 

MUSTAFOQULOV, 

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.