Buxoro viloyati hududida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kunlik” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davom etmoqda. Tadbirlar davomida 18075 ta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlanib, javobgarlikning muqarrarligi taʼminlandi. Shu jumladan, 641 ta mayda bezorilik, 605 ta jamoat joyida spirtli ichimlik isteʼmol qilish, 75 ta mayda tashmachilik, 20 ta voyaga yetmaganlarni tungi vaqtlarda koʻngilochar maskanlarda nazoratsiz qoldirish, 33 ta xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga nisbatan choralar koʻrildi. Yana tadbir ishtirokchilari tomonidan 56 nafar jinoyat sodir etib, jazodan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslar ushlandi.
Bundan tashqari, 273 nafar tungi vaqtlarda nazoratsiz yurgan voyaga yetmaganlar Ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markazi hamda 58 nafar yashash va ish joyi noaniq shaxslar Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. Qolaversa, muqaddam sudlangan shaxslarning yashash manzillari tekshirilib, maʼmuriy nazorat oʻrnatildi, qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan esa choralar koʻrildi. Tadbirlar jarayonida jinoyatchilik xavfi yuqori boʻlgan hududlarga 877 ta kuzatuv kamerasi hamda xonadon va obʼektlarga 540 ta yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Targʻibot ishlari natijasida 166 ta ijtimoiy soha obʼektlari hamda 201 ta xonadon qoʻriqlash pultiga ulandi.
Oʻz muxbirimiz.
