Buxoro viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan IIV JIED 6-Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi tasarrufidagi muassasalar va 7536-harbiy qism shaxsiy tarkibi ishtirokida keng qamrovli oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi. Mashgʻulot davomida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, ularni tashish va tarqatish usullari, soʻnggi yillarda aniqlangan yangi sintetik moddalar turlari hamda ularning salbiy oqibatlari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga davlat mablagʻlaridan samarasiz foydalanish, manfaatlar toʻqnashuvi, soxta hujjatlar orqali mulkiy zarar yetkazish kabi holatlarning huquqiy baholanishi va ularni fosh etishdagi zamonaviy usullar xususida ham maʼlumotlar taqdim etildi.
Mashgʻulot davomida ekstremistik va terroristik harakatlarning shakllari, ularning ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar ongiga taʼsir oʻtkazish usullari, radikal gʻoyalarning tarqalishiga qarshi profilaktik tadbirlarni tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Xodimlar uyushgan jinoiy guruhlarning faoliyat turlari, ularning moliyaviy manbalari, jinoiy aloqalari va taʼsir doirasi haqida tushunchaga ega boʻldilar. Ularga uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurashishda agentura tezkor ishlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va jinoyatlarni oʻz vaqtida aniqlashga oid tavsiyalar berildi. Tadbirning yakunlovchi qismida xizmat faoliyatida axborot manbalarining maxfiyligini taʼminlash, xizmat olib borishda qonuniylik, manfaatlar muqobilligini hisobga olgan holda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻz muxbirimiz.
