Bir kishi bir oz pulga muhtoj boʻlib qoldi, doʻstidan yordam olish maqsadida uning uyiga kelib eshikni taqillatdi. Doʻsti chiqib, u bilan koʻrishdi, uyga taklif qilsa ham u kishi qabul qilmay:
— Doʻstim, meni kechir, uyga qilgan taklifingni hozircha qabul eta olmayman, vaqtim ziq. Bir kishidan yuz soʻm qarzdor edim, bugun kelib pulini qistadi. Qoʻlimda pul yoʻq edi. Shuning uchun sening huzuringga keldim, yordam etarsan deb umid qilaman,— dedi.
Uy egasi darhol ichkaridan yuz soʻm olib chiqib, doʻstining qoʻliga berdi.
— Doʻstim, biror narsaga muhtoj boʻlib qolsang, mendan yashirma, qoʻlimdan kelgancha yordam berishga tayyorman,— deb doʻstining koʻnglini koʻtardi. Doʻsti xursand boʻlib, u bilan xayrlashib uyiga qaytdi.
Uy egasi doʻsti qaytib ketgandan keyin yigʻlab uyiga kirdi. Xotini: «Erim koʻp pul berib yuborganiga pushaymon qilib yigʻlayotgan boʻlsa kerak»,— deb eriga:
— Biror narsani bahona qilib pul bermasdan qaytarib yuborsangiz boʻlmasmidi? Endi pushaymon qilib yigʻlaysiz,— degan edi, eri shunday javob berdi:
— Yoʻq, sen oʻylagancha emas, doʻstim pulga muhtoj boʻlib qolganini bilmaganman. U kelib soʻramasdan oldin oʻzim borib:
— Doʻstim, biror narsaga muhtojmisan, tortinma, ayt,— deb soʻrashim kerak edi,— gʻaflatda qolganimga achinib yigʻlayman.
Bayt:
Tut ul doʻstingni sut ustida qaymoq,
Aziz joningcha koʻrgil, balki behroq.
