Har qanday sohada boshqalarga namuna sifatida koʻrsatiladigan, alohida ehtirom bilan yodga olinadigan kishilar boʻladi. El-yurt oʻrtasida, hamkasblari orasida bunday hurmat qozonish oson emas, albatta. Buning zamirida oʻsha insonning fidoyiligi, shogirdlariga qilgan gʻamxoʻrligi yotadi. Shunday insonlar qatorida biz hech ikkilanmay Xojabek ogʻa Aoʻezovning ham nomini qayd etamiz. Garchi u bugun oramizda boʻlmasa-da, yaqinlarining, shogirdlarining, hamkasblarining xotirasida yashamoqda.

Ustozimiz 1945-yil 15-avgustda Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir tumani «Qarateren» ovulida Baltabek ota Aoʻezov va Ulbiyke opa Jumabaeva oilasida dunyoga keldi. U bir soʻzli, maqsadidan ogʻishmaydigan, zabardast yigit boʻlib voyaga yetdi. 

Harbiylikda olgan bilimlari va toʻplagan amaliy tajribasi uni keyinchalik ichki ishlar organlari sohasiga boshlab keldi. Xojabek Aoʻezov 1971-yilda Toshkent oʻrta maxsus milisiya maktabini, soʻngra Toshkent oliy milisiya maktabini muvaffa­qiyatli tamomlab, oliy maʼlumotli yurist darajasiga erishdi.

1971–1973-yillar oraligʻida Shumanay, Chimboy va Taxtakoʻpir tumanlari IIBda jamoat mulkini talon-toroj etish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida katta inspektor sifatida faoliyat koʻrsatib, katta tajriba orttirdi. Shuning natijasida rahbariyat ishonchini qozonib, tergov yoʻnalishiga oʻtkaziladi. 1977-yilgacha koʻplab ogʻir jinoyatlarni qisqa vaqt mobaynida ochishga, har qanday jinoyatchilikka qarshi kurashishga bosh-qosh boʻldi.

Ana shunday samarali xizmatlari uning 1979-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, keyinchalik mazkur boʻlim boshligʻi etib tayinlanishiga asos boʻldi. U 1985–1991-yillarda Nukus shahri, Chimboy tumani IIB bosh­ligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatib, mazkur hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida ibratli ishlarni amalga oshirib, aholi orasida katta obroʻ-eʼtibor qozondi. X. Aoʻezov yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashga qoʻshgan salmoqli hissasi «Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist» faxriy unvoniga sazovor boʻldi.

Xojabek ogʻa namunali oila bosh­ligʻi sifatida oʻn ikki nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Katta farzandi Baxtiyar ota yoʻlini davom ettirib, uzoq yillar ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika sohasida samarali xizmat qilib, pensiyaga chiqdi. Sultanbek va Aqilbek bugungi kunda Qoʻriqlash hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarida xizmat qilishadi. Boshqa farzandlari esa tibbiyot, taʼlim kabi qator yoʻnalishlardagi halol mehnat qilayotgan tajribali kadrlardan hisoblanadi. Farzandlarning shu darajaga yetishishida Xojabek ogʻaning turmush oʻrtogʻi Sapargul opaning ham mehnatlari beqiyos.

Ustozimiz hayot boʻlganida tabarruk 80 yoshni qarshilardi. Yaqinda shogirdlari va farzandlari bosh-qosh boʻlib, uning xotirasiga bagʻishlangan yubiley tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda bu ajoyib insonning xotirasi, ezgu, xayrli ishlari, el-yurt tinchlik-osoyishtaligi yoʻlidagi xizmatlari yana bir bor yodga olindi.

Orinbay TURDAQOV,

isteʼfodagi polkovnik.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.