Sharof Rashidov tumanidagi «Qulama» mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi T.I.ning Gʻallaorol tumanida fermer xoʻjaligi ochganini eshitganlar uning yana bir yoʻnalishda tadbirkorlik qila boshlaganiga ishonishdi. Ammo koʻp oʻtmay T.I.ning maqsadi dehqonchilik emas, balki yer sotish ekani maʼlum boʻldi. Chunki u fermer xoʻjaligi yerlarining 15 gektarga xaridor qidira boshlagandi. 

Tabiiyki, sugʻoriladigan ekin maydoniga qiziquvchilar darrov topildi. Chunonchi, Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi B.M. dala maydonini xarid qilmoqqa shaylandi. Olarmon ekinzorning 1 milliard soʻm ekanini bilgach, egalik huquqini beruvchi qonunchilik talablarini oʻrgana boshladi. Bu jarayonda T.I. fermer xoʻjaligiga tegishli yer maydonini sota olmasligini bilib qoldi. Shu bois holat haqida ichki ishlar organiga xabar berdi. Oʻz navbatida, soha vakillari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilib, talab qilingan 1 milliard soʻmning 

400 million soʻmini olgan gumon qilinuvchi tegishli tartibda ushlandi. 

Baxmal tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi xodimi Sh.J. ham xuddi shunday jinoyatga qoʻl urdi. 

U «Nurli quyosh» mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligi balansida boʻlgan 5 gektar yer maydonini fuqaro N.I.ga 15 ming AQSH dollariga sotmoqqa chogʻlanib, talab qilingan pulning 190 million soʻmini olgan vaqti qoʻlga tushdi. 

Ichki ishlar organlari xodimlari viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi masʼullari E.A., E.M. hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi man­sabdori Sh.A.ning qoʻllariga ham kishan taqdilar. Ular Jizzax shahri­ning «Obod» mahallasida yashovchi Sh.Q.dan 400 AQSH dollari talab qilib, 5 million soʻm olgan vaqti ushlandi. Gumon qilinuvchilar bu pul evaziga Mirzachoʻl tumani «Gulzor» mahallasida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasasi va umumtaʼlim maktabi obyektlarini foydalanishga topshirish dalolatnomasiga imzo qoʻyib berishni vaʼda qilishgandi. 

Qisqasi, viloyatda korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida soha vakillari tomonidan shu kabi 264 ta jinoyat fosh qilingan. 

 Alijon ABDUSATTOROV,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.