Gulnora (ismlar oʻzgartirilgan) bilan Lobar Angor tumanidagi Navbahor mahallasida qoʻshni yashaydi. Anchadan beri yaqin dugonaga aylangan ikki ayol bir-birinikiga tez-tez mehmonga chiqib turadi. Shunday kunlarning birida Lobar dugonasinikiga shum niyatda chiqadi. 

Anchadan beri Gulnoraning tillalariga hasadi keltirib yurgandi. Bu hasad uni oʻgʻirlik qilishga undadi. U Gulnoraning uyiga borganida yotoqxonasida turgan seyf ichidan 500 AQSh dollari, jami qiymati 50 million 381 ming soʻm boʻlgan 5 dona tillo uzugi, 2 juft tillo ziragi, 1 dona tillo zanjirini va 1 million soʻm boʻlgan 2 dona kumush taqinchogʻini astagina tugib, olib chiqib ketadi. 

Buyumlarining yoʻqolganidan xabar topgan Gulnora tuman IIBga murojaat qildi. Koʻrilgan choralar, surishtiruvlardan keyin esa tilla buyumlaru pullarni Lobar olgani maʼlum boʻldi. Bu qilmishi uchun Lobarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Feruza RAHMONQULOVA,

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.