Bola bekor va nazoratsiz boʻl­gach, darrov ularni «boshini silaydigan» topiladi. Baxtiyor yomon bolalarga qoʻshilib qolganini oʻzi ham fahmlamay qoldi. Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi, deganlaridek, u yangi «oʻrtoqlari»ga qoʻshilib, huquqbuzarlik sodir qildi. 

Bu xatti-harakatiga huquqiy baho berilib, ota-­onasi ogohlantirilgach, Baxtiyor Muzrabot tumani IIB Probatsiya guruhi nazoratiga olindi. Endi uning tarbiyasi bilan tuman IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi katta inspektori, katta leytenant Nasiba Majitova ham shugʻullana boshladi. 

Katta inspektor dastlab Baxtiyor bilan profilaktik suhbatlar olib bordi va uning qiziqishlari, oilasi bilan yaqindan tanishdi. Onasiga birgalikda harakat qilinsa, oʻgʻlining xulqida oʻzgarish boʻlishini tushuntirdi. Maktabdagi oʻqituvchilari bilan yaqin hamkorlik samarasi oʻlaroq, Baxtiyor oʻzi qiziqqan shaxmat va futbol toʻgaragiga jalb qilindi. Toʻgarak mashgʻulotlarida oʻqituvchi interfaol usullardan foydalanishga harakat qildi, bolaning mashgʻulotda erkin fikrlay olishi, ijodkorlik mahoratini oshkora namoyish eta olishiga imkon yaratdi. Sekin-astalik bilan Baxtiyorda ijobiy oʻzgarishlar sezila boshladi.

– Oʻsmir yoshdagi bolalarning tarbiyasiga ozgina beparvolik qilinsa, xulqida salbiy tomonga oʻzgarishlar kuzatiladi, – deydi katta leytenant Nasiba Majitova. – Uni yana toʻgʻri oʻzanga yoʻnaltirish uchun maktab, ota-ona va ichki ishlar organlari inspektorlari, kerak boʻlsa, mahalla faollari ham birgalikda harakat qilishi lozim. Bu kabi voyaga yetmaganlarning bir nechasi bilan shunday tartibda ish olib bordik va natijalarimiz yomon emas. 

Tuman IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi tomonidan ayni paytda tumandagi 58 ta kasb-hunar va umumtaʼlim maktabida profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Xususan, joriy yilda tungi reyd tadbirlarida voyaga yetmaganlarning internet klublarida yurganligi boʻyicha 3 ta holat aniqlandi va tegishli tartibda maʼmuriy choralar qoʻllanildi. 

Aytish kerakki, tuman 3-sektori hududida yashaydigan va otaliqqa olingan 3637 nafar yoshlar oʻrtasida sektor rahbarining tashabbusi bilan sport musobaqalari, «Zakovat» intellektual oʻyini, kitobxonlik tanlovlari tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy qismlarda «Ochiq eshik­lar kuni» tadbirlari oʻtkazilib, harbiylarning xizmat faoliyati hamda harbiy texnika, qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishtirib kelinmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar hududda voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni kamayishiga xizmat qilmoqda. 

Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.