Mana bugun tezkor vakillar bilan A-373 avtomagist­ralining «Shodlik» mahallasidan oʻtgan joyiga yetib keldi. Maʼlum boʻlishicha, «Damas» rusumli avtomashi­na haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, yoʻl chetida toʻxtab turgan «Isuzu» yuk mashinasining orqa tomoniga katta tezlikda kelib urilgan. Natijada «Damas» ichidagi besh nafar yoʻlovchidan toʻrttasi hayotdan koʻz yumgan. Kapitan holatni oʻrganar ekan, sud-avtotexnik, sud-tibbiy eks­pertiza tayinladi. Avtomashinaning tormozla­nish masofasi, texnik holati oʻrganib chiqila boshlandi. Oʻrganishlar «Damas» avtomobili belgilangan tezlikdan oshiqroq tarzda harakatlangani, uning texnik holati yaxshi boʻlganini koʻrsatdi. Demak, haydovchi uxlab qolgan yoki sogʻligʻida toʻsatdan muammo paydo boʻlgan. Oʻrganishlar, oʻlchashlar, hisoblashlar tugaganida, vaqt yarim tunga borib qolgandi. 

Ertasi kuni shu ish boʻyicha tergov harakatlarini davom ettirdi. «Isuzu» avtombili haydovchisining koʻrsatmasini oldi. Uning aytishicha, yoʻl chetiga dam olish uchun toʻxtagan. Bu joyda toʻxtash taqiqlanmagan. Oradan yarim soat oʻtgach, orqa tarafdan berilgan kuchli zarbadan mashina turgan joyidan ikki metrlar chetga surilib ketgan. Haydovchi shu zahoti pastga tushib, «Damas» mashinasining orqa tomoniga yarimigacha kirib ketganini koʻrgan. Yuk mashinasi orqa tomondan pachaqlangan, chap yonboshi yaroqsiz holga kelgan. 

Kapitan shundan keyin kasalxonaga yoʻl oldi. «Damas»da boʻlgan beshin­chi yoʻlovchi oʻziga kelgandi. Oyoqlariga jiddiy shikast yetgan oʻttiz besh yoshlar­dagi ushbu erkakning gaplaridan voqea oydinlashdi. Oila aʼzolari Toshkentdan qaytayotgan boʻlgan. Ular kuni bilan «Ippodrom» bozorida xarid qilishgan. Kechga yaqin ortga qaytishgan. Barchasi charchashgan. Haydovchi charchoqdan koʻzi ilingan boʻlishi mumkin. Shu tariqa tergovchining ushbu holatga oid dalillarni toʻplash, huquqiy jihatdan asoslashga oid asosiy ishlari bajarildi. Endi sud-tibbiy, sud texnik xulosalarni kutish qolgandi.

Ushbu holatga oid surishtiruvlar tugamay yana bir jinoiy holatga oid xabar kelib tushdi. Asadillo topshiriqqa asosan tumanning «Andijon» mahallasiga yetib bordi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu mahallada yashovchi 42 yoshli fuqaro oʻz uyida kannabis oʻsimligini yetishtirgan. Atayin hovlidagi makkajoʻxori ekinining orasiga ekilgan olti tup kannabis oʻsimligi daliliy ashyo sifatida olindi. 42 yoshli fuqaro ushbu oʻsimliklarni shaxsiy isteʼmoli uchun yetishtirganini tan oldi. Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, oʻsimliklar ekspertizaga yuborildi. Ekspertiza natijalariga koʻra ushbu oʻsimliklar tarkibida tetrakanna­binol giyohvandlik moddasi borligi isbotlandi. 

Kapitan Asadillo Ibragimov qonun usutvorligini va jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlash yoʻlida kuch-gʻayratini ayamaydigan, bor bilim va mahoratini ishga soladigan, fidoyi xodim sifatida hamkasblari orasida katta hurmat qozongan. 

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

oʻz muxbirimiz.

Sirdaryo viloyati.