Ertalab koʻzimni ochishim bilanoq belimni bir narsa changallab ushladi. Kuchli ogʻriq bor edi. Necha yildirki, shifoxonaga bormayman. Onda-sonda gripni aytmasa, Xudoga shukur, otdayman. Oʻzi baquvvat yigitman-da. Ammo bu safar nima jin urib belimni shamollatib qoʻyibman, deng, xotinim doʻxtirga boring, deya javrayverib, axiyri, niyatiga yetdi.
Amallab oʻrnimdan turdim-da, ishxonaga qoʻngʻiroq qildim, ahvolimni tushuntirgandim, «balnichniy»ga chiqing, deyishdi. Oilaviy poliklinikaga bordim. Ertalabdan navbat, noiloj, men ham boshqalarga qoʻshilib, eshik oldida kuta boshladim. Jondan oʻtsa, odam hamma narsaga chidarkan. Yarim soat deganda, navbatim keldi. Kirdim. Shifokorimga ahvolimni tushuntirdim. U gaplarimni hazil bildi, shekilli, «Biror ishingizni bitirib olmoqchimisiz «balnichniy»ga chiqib?» deb soʻradi. Hayron boʻldim. «Nega hayron boʻlasiz, koʻpchilik «balnichniy»ni bahona qilib, boshqa ishlarini qilib oladi-ku».
«Demak, boshqalar shunday gʻirromlik qilarkan, shifokor esa koʻzi koʻr, qulogʻi kar boʻlib, oʻsha qogʻozni toʻgʻirlab beraverarkan-da», deb oʻyladim. Ammo shifokor shaʼmasining fahmiga bormay:
– Yoʻq, rostdan ham mazam yoʻq. Davolanmoqchiman, – dedim qatʼiy ohangda.
Shifokor avval ayrim tahlillarni topshirib, buyraklarni UZD apparatida tekshiruvdan, soʻng nevropatologga uchrashishimni aytdi. Uning tavsiyasi bilangina kasallik taʼtili uchun tibbiy karta ochishini qistirib oʻtdi gap orasida.
Tahlillarni-ku, oson topshirdim, lekin UZDdagi navbatimni yarim kun kutdim oʻziyam. Eshik oldiga saflanib olgan ayollarning dahanaki jangini koʻrib, xotinim koʻz oldimga keldi. Nuqul poliklinikaga ketib, kun boʻyi yurib ham ishi bitmasligining sababini tushunganday boʻldim.
Navbatimga ozgina qolganda tushlik vaqti boʻlib qoldi. Uyga borib, tushdan keyin yana qaytdim. Bu yoqda ogʻriq avjiga olardi. Axiyri, oʻsha oʻlgur apparatga ham tushdim, qogʻozimni olib, nevropatolog xonasiga oshiqdim. U yerda ham navbat. Nihoyat, kirishga muyassar boʻldim. Shifokorga muddaoimni aytib, tibbiy kartamni qoʻliga tutqazdim. U gapining indallosidayoq:
– Belingizni MRT qildirasiz, keyin kasalingizni aniqlab, dori yozib beraman, – dedi. – Faqat «Mashhura» yoki «Oʻtan polvon»da tushing. Ular zoʻr tushiradi.
– Shoshmang, doʻxtir, avval tekshirib koʻrmaysizmi? Darrov MRTga tush, deysiz. Balki, siz aytganday vahimali narsa emasdir.
– Men bemorning xonaga qadam bosishidan bilaman dardini. Koʻzlarim rentgen boʻlib ketgan. Ha, mayli, yoting-chi.
Shunday deya, doʻxtir opa bazoʻr oʻrnidan turib, meni tekshirib koʻrdi-da, ichida «Hm, sen gap uqmas gʻalchaga yaxshilab tushuntirib qoʻyaman hali» dedimi, baribir bilganidan qolmay, oʻsha gapini qaytardi:
– Aytdim-ku, MRT qildirmasangiz boʻlmaydi deb. Tushib keling, keyin yozaman muolajani.
Noiloj oʻsha «Mashhura»ga bordim. Eh, aksiga olib, shuncha payt ishlab turgan apparat aynan men borgan kuni ishlamayotgan ekan. Oqsoqlangancha yana najot istab, nevropatologga bordim.
– MRT ishlamayapti ekan, ertaga tushaman. Faqat menga hozircha ogʻriq qoldiruvchi biror nima yozib bering, qiynalib ketdim.
– Yoʻq-yoʻq, nimalar deyapsiz? Sira ilojim yoʻq. Siz bahona qilmang. Nega ishlamas ekan MRT. Ishlayapti. Boring, MRTga tushmaguningizcha sizga muolaja buyurolmayman.
Tanasi boshqa dard bilmas, degani shu-da. Tavba, nahot, ogʻriq qoldiruvchi yoki birinchi yordam uchun biror nima buyurishning iloji boʻlmasa-ya. Tilimni tiyib tura olmadim:
– Oq xalatni nega kiygansiz, axir, birorta ukolmi, dorimi yozib bering. Yo «Mashhura», «Oʻtan polvon»dagilar bilan shartnomangiz bormi?
Gapim doʻxtirning naq «nuqta»siga tegdi-yov, u bir yumalab, ertakdagi «yaʼjuj-maʼjujga» aylandi-qoldi. Asabi buzilib, baqira ketdi. Men ham boʻsh kelmadim.
Birozdan soʻng bosh vrach xonasiga kirdik. Doʻxtir yaxshigina boʻrttirib, meni gʻirt bezoriga chiqarib taʼriflay boshladi. «Meni urmoqchi boʻldi» deganida kulgim ham qistadi. Oʻzimni bosishga urindim. U gapini tugatgach, bosh vrach menga yuzlandi. Boʻlgan voqeani roʻy-rost aytib berdim.
Bosh shifokor chindan ham bugun xususiy klinikadagi MRT uskunasi ishlamayotgani haqida eshitganini aytdi. Harholda, mening yolgʻon toʻqimayotganimga oydinlik kiritildi. Shifokorga menga ogʻriq qoldiruvchi dori yozib berishini buyurdi.
Chiqayotib, shifokordan qizishib ketganim uchun mendan xafa boʻlmasligini aytib, uzr soʻradim.
Uyga joʻnadim. Biroz oʻtib, kech boʻlganda haligi shifokor erini olib, ishxonamga janjal qilib boribdi (Qoʻrqoq oldin musht koʻtarar, degani, shudir). Muddaolari meni ishdan haydatish ekan. Sababi, men uni rosa doʻpposlab uribman va poraxoʻrlikda ayblabman...
Xullas, poliklinikada koʻrgan mashmashamdan keyin kasal boʻlish qancha qimmatga tushishini fahmladim. Boʻldi, endi sport bilan muntazam shugʻullanaman, «balnichniy-malnichniy»ga sira chiqmayman.
Bemor tilidan oqqa koʻchiruvchi
Feruza RAHMONQULOVA.
