Oppoq xalat, oq qalpoq, oq choyshab, oq pardalar...
Madinaning bolalik tasavvurida tibbiyot olami shu tarzda namoyon boʻlar, uning shunday havas ortidan koʻz ochgan orzusi hamshiralik edi. 2004-yili Oxunboboyev nomidagi Toshkent tibbiyot bilim yurtini tibbiy hamshira mutaxassisligi boʻyicha tugatgan Madina bir muddat farzand tarbiyasi bilan mashgʻul boʻldi. Ammo tanlagan kasbiga boʻlgan mehri, ishtiyoqi ortsa ortdiki, bir misqol ham kamaymadi. 2008-yili Buxoro shahridagi 1-sonli oilaviy poliklinikaga tibbiy hamshira boʻlib ishga kirdi. Ushbu muassasadagi qariyb toʻrt yillik faoliyati mobaynida mashaqqatlardan choʻchimadi, balki unda inson salomatligi uchun masʼullik hissi yanada ortdi.
– Togʻam, hozirda isteʼfodagi mayor Baxtiyor Rustamov koʻp yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritib, Buxoro viloyati IIB Jinoyat qidiruv xizmatidan pensiyaga chiqqan, – deydi Madina Qodirova.
– U kishiga boʻlgan havasim ichki ishlar organi xodimi boʻlishimga sabab boʻldi. – Shu sababli 2011-yilning noyabr oyida viloyat IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasiga erkin yollangan xodim sifatida ishga qabul qilindim. Toʻgʻri, orzuim, ayrim sabablarga koʻra, roʻyobga chiqmadi. Biroq, shunga qaramay, ichki ishlar organlari tibbiyot xizmatida ishlayotganimdan juda mamnunman.
Madina Qodirova viloyat IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasida dastlabki kunlardanoq sidqidildan ishga kirishdi. Zimmasidagi vazifalarga jiddiy eʼtibor qaratdi. Oʻz ustida ishladi, izlandi. Bilmaganlarini soʻrab oʻrgandi. Bu borada unga ustozi Marziya Ochilova beminnat yordam berdi. Kasbiga mehr qoʻygan, oʻqib-oʻrganishdan tolmaydigan Madinaning saʼy-harakatlari besamar ketmadi. Xushmuomalaligi, fidoyiligi, mehnatsevarligi va har bir ishga vijdonan yondashishi tufayli bemorlarning ham, hamkasblarining ham hurmat-eʼtiborini qozondi. Lavhamiz qahramoni oʻtgan yillar mobaynida tajriba toʻplab, ustoz degan yuksak maqomga ham erishdi. Bugun hamshiralar Nasiba Joʻrayeva, Mavluda Hakimova, feldsher Aziz Abdullayevlar uni oʻzlariga ustoz deb bilishadi.
Qoʻli yengil hamshira biriktirilgan shaxsiy tarkib salomatligini saqlashdagi fidokorona xizmatlari uchun bir necha bor faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan. Joriy yilda oʻzining bilimi, kasbiy salohiyati bilan viloyat IIB tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari oʻrta tibbiy xodimlari oʻrtasidagi «Yilning eng yaxshi hamshirasi» koʻrik-tanlovida gʻolib boʻlib, respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Fidoyilik insonni sharaflaydigan yuksak fazilatdir. Isbot talab qilmaydigan ushbu xulosaviy fikr, ayniqsa, sogʻliqni saqlash sohasiga nisbatan tatbiq etilsa, ayni muddaodir. Buxoro viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasi tibbiy hamshirasi Madina Qodirova ham oʻzi mehnat qilayotgan sohada eng muhimi fidoyilik, deb biladi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
