Toshkent viloyati IIBB JXX JTSB Kinologiya boʻlimi maxsus oʻrgatilgan xizmat itlari ishtirokida aniqlanayotgan jinoyatlar salmogʻi tobora ortib bormoqda. 

Joriy yilning 7 oyi tahlil qilinganda, xizmat itlari koʻmagi bilan 181 ta jinoyat ochilishiga erishilgan. Jumladan, 63 ta holatda giyohvandlik, 116 ta oʻgʻirlik, 1 ta bosqinchilik va boshqa turdagi jinoyatchilik bilan bogʻliq holatlar aniqlangan. Ushbu raqamlarning oʻziyoq xizmat itlaridan samarali foydalanilayotganligidan dalolat beradi.

– Mazkur yoʻnalishda xizmat qilayotganimga uch yil toʻldi. Xizmat itlarining tayyorgarligini oshirish borasida mashgʻulotlar muntazam olib borilyapti. Sababi, ularning doimiy shayligi juda muhim. Shu bilan birga soha xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan qator koʻrik-tanlovlarda ham faol qatnashib kelyapmiz, – deydi iz qidiruv guruhi komandiri, katta serjant Alijon Ergashev. 

Boʻlimning moddiy-texnik bazasi mustahkam. Jonivorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xodimlarning kasbiy mahorati, xizmat itlarining iz qidiruv, giyohvandlik va portlovchi moddalarni qidirib topish yoʻnalishlari boʻyicha xizmat sifati ancha yuqori hisoblanadi. Hozirda viloyat ichki ishlar organlari kinologiya boʻlinmalari tasarrufidagi xizmat itlari soni 50 tani tashkil qiladi. 

Yaqin doʻst va beminnat yordamchi boʻlgan bu jonivorlar jinoyatchilikni jilovlashda ichki ishlar organlari xodimlariga katta yordam berib kelmoqda.

Abror POYONOV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent viloyati.