Navoiy viloyati Karmana tumani Kamolot MFYda istiqomat qiluvchi B.Z zararli mehnat sharoitida ishlagani hisobga olinib, 45 yoshida pensiyaga chiqdi. U shaxsiy ehtiyojlari uchun xolasi A.K.dan tez-tez pul soʻrab turardi. Bir kuni xolasidan Rossiya davlatiga ketishi uchun yoʻlkiraga 500 AQSh dollari berib turishini iltimos qildi. Keyinchalik ishlab, qarzini qaytarishini aytdi.

Xullas, 2019 yilning yozida Rossiyaga joʻnab ketdi. Ketish oldidan oʻzining nafaqa pullarini olishi uchun xolasiga tegishli hujjat rasmiylashtirib berdi. “Qaytganimga qadar pensiya pularimni yigʻib qoʻying” deb iltimos qildi. Yarim yilcha oʻtib xolasiga olgan qarzini 600 dollar qilib qaytardi. Qoʻshimcha yana 1100 AQSh dollari joʻnatib, pensiya pullariga qoʻshib qoʻyishini tayinladi.

Joriy yilning sentyabrʼ oyida Karmanaga qaytgan jiyani pullarini soʻraganida A.K “Erta... indin...” deya aldab yuraverdi. Sabri tugagan B.Z oxiri Karmana tumani IIBga ariza bilan murojaat qilishga majbur boʻldi. Aniqlanishicha, uning xolasi 1100 AQSh dollari va 24.633.000 soʻm pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan ekan. Ushbu holat yuzasidan A.K.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.


Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.