Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda tezkorlik va natijadorlikka erishish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida Fargʻona viloyati ichki ishlar organlari tizimida ikkita mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi.
Kuni kecha birinchi mintaqaviy hudud mintavaqiy muvofiqlashtirish markazi binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda boshqarma rahbariyati, shahar-tuman ichki ishlar boʻlimi boshliqlari, faxriylar ishtirok etdi. Ramziy lenta qirqilgach, ishtirokchilar markazda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
– Bugungi kunda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibi hududiylik jihatidan ikkita mintaqaga ajratilgan boʻlib, ikkinchi mintaqaviy hududda ham mana shunday zamonaviy koʻrinishdagi markaz barpo etish rejalashtirilgan, – deydi viloyat IIB boshligʻining matbuot kotibi, kattta leytenant Ismoiljon Sharipov. – Zamon talabiga mos ravishdagi markazning loyiha smeta ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Yana bir yangilik – viloyatimizning eng olis hududi hisoblanadigan Soʻx tumanida ham ichki ishlar boʻlimining yangi binosi qurilishi boshlandi.
Bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari yuqoridan quyiga qarab ”Mahallabay”, ”Oilabay”, ”Fuqarobay” tizimida ish olib bormoqdalar. Yangi markazlarning faoliyat boshlashi esa mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirib, har bir jinoyatning tub ildiziga kirib borishga, ularning sabablarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.