Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasi markaziy davolash-profilaktika muassasalarining tor doirasidagi mutaxassislari ishtirokida Fargʻona viloyatida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.
Koʻrik jarayonida viloyat IIB tibbiyot boʻlimiga biriktirilgan shaxsiy tarkib, faxriylar, Milliy gavardiya Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari va ularning oila aʼzolari malakali mutaxassislarga shu joyning oʻzida murojaat qilib, oʻz salomatliklarini koʻrikdan oʻtkazdilar.
Ikki kun davomida viloyat IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasi va Qoʻqon shahrida joylashgan ambulatoriyaga 739 nafar xodim va faxriylar murojaat qilib, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtdilar. 43 nafar shaxsda birlamchi kasalliklar aniqlandi. Koʻrikdan oʻtganlarning 136 nafariga stasionar davolanish, 185 nafariga ambulator davolanish, 30 nafariga sanatoriya-kurort sharoitida davolanish boʻyicha tavsiya berildi. 15 nafar bemorlarning bevosita uylariga borib, tibbiy xizmat koʻrsatildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
