16-17-iyun kunlari Fargʻona viloyatining ikki hududida avto va motosport ixlosmandlari uchun birinchi marta “Drift shou” tashkil etildi.
Birinchi shou Fargʻona shahridagi “Istiqlol” oʻyingohi avtoturargohida boʻlib oʻtdi. Viloyat hokimligi hamda Avto-moto turizm assosiasiyasi hamkorligida oʻtkazilgan sport shousining ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov ishtirok etib, barcha avtosport ixlosmandlarini sport turizmini rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan moto va avto drift chiqishlaridan zavq olishga chaqirdi. Tadbirda Avto-moto turizm assosiasiyasi raisi Otabek Olimjonov ham ishtirok etdi.
Haqiqiy adrenalinga boy boʻlgan drift shouda mahalliy hamda Qirgʻizistondan tashrif buyurgan haydovchilar, motosiklchilar oʻzlarining maxsus tayyorlangan transport vositalarida ishtirok etib, oʻz chiqishlari, tryuklarini namoyish etishdi. Tadbir ishtirokchilari haydovchilar harakatini his-hayajon bilan kuzatib bordilar.
Shuningdek, sport tadbiri davomida avtoparad, tyuning avtomobillar koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi.
“Drift shou” 17-iyun kuni Soʻx tumani Ravon shaharchasida ham oʻtkazildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
