Mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlashga masʼul xodimlar oʻzaro hamjihatlikda muammoli oilalar bilan ishlash, yoshlarni band etish, ularni sport va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga jalb qilishni asosiy vazifalari deb bilgan holda uddalashmoqda.
– Oʻtgan yili bizga yangi bino qurib berildi. Ishlashimiz uchun barcha sharoitlar bor. Bunday imkoniyatlar bizga yanada kuch bagʻishlab, aholimiz hayotdan mamnun yashashi uchun yettilik birgalikda ishlayapmiz, – deydi «Kattaming» MFY raisi
Aktam Xudoyberdiyev.
Hududda profilaktika inspektori mayor Marat Mustafoyev kun-u tun sergak. Gʻayrat-shijoatli, intiluvchan va izlanuvchan xodimning matonati, irodasi va qatʼiyati tufayli mahallada jinoyatchilik qayd etilmagan. Doʻkon, kafe va koʻchalarda oʻrnatilgan kuzatuv kameralarini muntazam kuzatib boradi. Begona shaxslar, voyaga yetmaganlar koʻchada nazoratsiz yurmasligini, nizoli holatlar boʻlmasligini nazorat qilib, bu borada profilaktik-targʻibot tadbirlarini olib boradi.
Mahalla yettiligi keksalar maslahatiga tayanib bemor va yakka yolgʻiz yashovchi fuqarolar, nogironligi bor oilalar holidan xabar oladi, ularning muammolarini hal etishga koʻmaklashadi. Yaqinda saxiy kishilar koʻmagida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayoli ham, oʻzi ham nogironligi boʻlgan Muyassar Xudoyberdiyev oilasiga uy-joy qurib berilishini tashkil etishdi. Ular bir xonadonda 4 ta oila yashar edi, – deydi mahalla faoli Shokir Shavqiyev.
Ha, oʻzaro hamkorlik va birdamlik, mehr-oqibat va qoʻshnichilik rishtalari mustahkam, sharqona qadriyatlar ustuvor boʻlgan mahallada har qanday muammoga yechim topiladi. Shu bois, mahalladagi ahillik, totuvlik va mehr-oqibatga koʻpchilik havas qilishadi.
Umida MAMADALIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
